Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan 258 nafar rahbar, javobgar shaxs va fuqaroga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan
11:32 / 2021-04-21

Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan OAV vakillari va jurnalistlar uchun “Viloyatda sel-toshqin va yer ko‘chkisi hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarda aholi va hududlarni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Viloyatda 2020 yil uchun toshqin suvlari va sel oqimlarini xavfsiz o‘tkazib yuborilishini ta’minlash maqsadida Xatirchi tumanida 5 ta, Nurota tumanida 6 ta ob’ektda maxsus-muhandislik tadbirlarini olib borish uchun 6 milliard 715 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

– 2021 yilda esa Zarafshon shahrida 1 ta, Xatirchi va Nurota tumanlarida 3 tadan, Karmana tumanida 2 ta, Uchquduq va Qiziltepa tumanlarida 1 tadan ob’ektda maxsus-muhandislik tadbirlarini olib borish uchun respublika byudjetidan 8 milliard 278 million so‘m mablag‘ ajratilgan, – deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Po‘latov. –Yog‘ingarchilik mavsumida viloyatning sel va suv toshqinlari xavfi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan hududlari – Xatirchi tumani “Oltinsoy”, “Maydon” “Koriz Arab”, “Bog‘chakalon” MFYlari hududidan oqib o‘tuvchi “Bog‘chakalon” va “Polvonota” soylaridagi va Nurota tumanining “Sentob”, “Yangi turmush”, “Chuya” MFYlari hududidan oqib o‘tuvchi “Qulmajarsoy” va “Chuyasoy” soylaridagi suv sathini muntazam ravishda nazorat qilib turish hamda yog‘ingarchilik vaqtida vaziyatni o‘rganish maqsadida postlar tashkil etilib, doimiy ravishda aloqa almashinuvi olib borilmoqda.

Monitoring natijalariga ko‘ra, joriy yilning bugungi kunga qadar viloyat hududida 1 ta texnogen xususiyatli favqulodda vaziyat qayd etildi. Jumladan, 23 fevral kuni Karmana tumani “Arg‘un” MFY I.Karimov ko‘chasida joylashgan xonadonda qurilishi tugallanmagan savdo do‘konining tom qismidagi 2 dona beton plitasining to‘satdan qulab tushishi natijasida 2 nafar yollanma ishchi turli xilda tan jarohati olgan.

Shuningdek, matbuot anjumanida davlat yong‘in nazorati organlari xodimlari tomonidan yong‘inlarning oldini olish borasida olib borilgan tadbirlar haqida ham ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilning birinchi choragi davomida 86 ta yong‘in holati qayd etilib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11 taga ko‘p degani. Shu bilan birga yong‘inlar vaqtida 4 nafar fuqaro vafot etgan, 2 nafari esa turli darajada tan jarohati olgan.

Albatta, olib borilayotgan profilaktik tadbirlarga qaramasdan bu kabi yong‘inlarning kelib chiqishi natijasida fuqarolarning zarar ko‘rishi achinarlidir.

– O‘tkazilgan tekshiruvlar davomida yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzayotgan yoki Davlat yong‘in nazorati organlarining yozma ko‘rsatmalarini bajarmayotgan 258 nafar rahbar, javobgar shaxs va fuqarolarga nisbatan qariyb 32 million so‘m miqdorida ma’muriy choralar ko‘rilgan, – deydi boshqarma Axborot tahlil xizmati rahbari Mirzo Radjabov. – Yong‘in sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 109 ta bino va inshootning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi, 1 ming 342 ta nosoz elektr uskuna, moslama va agregatlardan foydalanish ta’qiqlangan.

Matbuot anjumanida Navoiy shahridagi yirik savdo markazi va “Baxt tekstil” MCHJda sodir bo‘lgan yong‘inlar, Nurota tumani “Yangi turmush” MFY hududidan o‘tuvchi soyda sel toshqinlarining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida berilgan savollarga mutaxassislar javob qaytardi.

[gallery-2119]

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA