O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 29 noyabrdagi “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish” bo‘yicha yig‘ilish bayonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida yurtimizda 1 dekabrdan 30 dekabrga qadar “Yong‘in xavfsizligi oyligi” o‘tkazilmoqda.
Mazkur oylikni yuqori saviyada o‘tkazish, oylik doirasida belgilangan ishlarni samarali tashkil etish, qish mavsumida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha Andijon viloyatida ham muayyan ishlar olib borilmoqda.

– “Yong‘in xavfsizligi oyligi”ni samarali o‘tkazish yuzasidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi, – deydi Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Botirjon Ashurov. – Shu kunlarda belgilangan ishlar reja asosida olib borilmoqda. Xususan, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida yong‘inlarning oldini olish, xavfsiz turmush tarzini shakllantirish hamda profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari, shuningdek, Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish, elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish idoralarining hududiy bo‘limlari hamkorligida “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu chora-tadbirlar doirasida ko‘p kvartirali va yakka tartibdagi uy-joylar, ijtimoiy soha muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari, bozorlar, yirik savdo majmualari, shuningdek, aholi ko‘p to‘planadigan boshqa ob’ektlarda yong‘in xavfini oldini olishga qaratilgan o‘rnatilgan tartibdagi tekshiruv va tushuntirish ishlari o‘tkazilmoqda.

Oylikning dastlabki haftasi davomida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida mas’ul idoralar hamkorligida 259 ta davlat, 25 ta tadbirkorlik sub’ektlari ob’ektlarida hamda 146 ta tungi vaqtlarda odamlar qoladigan maskanlarda profilaktik va monitoring tekshiruvlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar doirasida ob’ektlardagi issiqlik va elektr uskunalaridan to‘g‘ri foydalanish, evakuatsiya yo‘laklarining holati, yong‘inga qarshi uskunalarining ishlash qobiliyati nazoratdan o‘tkazildi.

Shuningdek, odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda 23 marotaba yong‘in-qutqaruv texnikalari va maxsus vositalarning namoyishlari o‘tkazilib, aholiga favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda harakatlanish qoidalari amaliy tarzda tushuntirildi. Bunday targ‘ibot ishlari fuqarolarning ogohligini oshirish, ularning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Oylik doirasida aholi o‘rtasida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish bo‘yicha eslatma materiallar tarqatildi. Jumladan, fuqarolarga “Yong‘in xavfsizligi oyligi” mavzusi bayon etilgan, maxsus tayyorlangan 15 ming 153 dona eslatma va bukletlar yetkazildi, 183 ta tashqi reklama banneri hamda plakatlari aholi gavjum joylariga o‘rnatildi. Ushbu targ‘ibot vositalari odamlarga kundalik hayotda yong‘in xavfsizligi qoidalarini yodga solib turishiga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, yong‘inlar, is gazidan zaharlanish yoki havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida ishchi guruhlar tuzilib, “xonadonbay” tartibida aholi o‘rtasida tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Bozorlar va savdo majmualari rahbarlari bilan hamkorlikda ushbu ob’ektlarni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi transformatorlar, elektr taqsimlash uskunalari, iste’molchilarga ulangan sim va kabellarning quvvati hamda belgilangan talablarga muvofiqligi o‘rganilmoqda.
Shu bilan birga, sim va kabel mahsulotlari belgilangan tartibda sinovdan o‘tkazilmoqda, himoya (izolyatsiya) qatlami shikastlanganlari aniqlanib, ularni yangilariga almashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Olib borilayotgan chora-tadbirlar yong‘inlar sonini kamaytirish, aholi xavfsizligini ta’minlash va yurtimizda tinch-totuv hayotni mustahkamlashga qaratilgan ishlardir. Bu borada har bir fuqaroning mas’uliyatli bo‘lishi, yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilishi muhim ahamiyatga ega.
Shuni alohida qayd etish joizki, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va aholi xonadonlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muntazam ishlar amalga oshirilib kelayotganiga qaramay, joriy yil boshidan buyon viloyatda sodir bo‘lgan yong‘inlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 77 taga ko‘paygan.
Bu holat sohadagi amaliy chora-tadbirlar va aholi o‘rtasidagi tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Jumladan, soha xodimlari tomonidan oylik davomida aholining yong‘inlar, is gazidan zaharlanish va havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga, ularda shaxsiy xavfsizlik madaniyatini shakllantirishga, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda aholi xonadonlarida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi masalalariga alohida e’tibor qaratilishi belgilab olindi.
Bir so‘z bilan aytganda, viloyatda yong‘in xavfsizligi oyligini yuqori saviyada o‘tkazish, fuqarolarning tinch va osoyishta hayotini ta’minlash, ko‘ngilsiz favqulodda hodisalar kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan zarur ishlar olib borilmoqda.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA