Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yong‘in-qutqaruv bo‘limi yangi binoda ish boshladi
10:51 / 2021-12-06

Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Birlik mahallasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligi bayrami arafasida yangi zamonaviy talablar asosida qurilgan, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limiga qarashli 28-sonli yong‘in qutqaruv qismi binosi foydalanishga topshirildi.

Viloyat markazidan olisda, qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegara hududida joylashgan O‘zak, Zarkent, Mog‘ol, Nanay qishloqlari aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi yong‘in qutqaruv qismining avvalgi holati zamon talablariga javob bermas edi.


Bundan ikki yil avval O‘zak qishlog‘idagi “Birlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida zamonaviy talablarga javob beradigan yong‘in-qutqaruv qismi qurilishi boshlangan edi. Loyiha qiymati 4 milliard 250 million so‘mga teng bo‘lgan bino qurilishi uchun davlat tomonidan mablag‘ ajratildi.


Har tomonlama qulay va barcha sharoitlarga ega bo‘lgan mazkur binodan texnikalarni ta’mirlash xonasi, nazorat o‘tkazish joyi, yozgi va qishki oshxona, omborxona, o‘quv va ma’naviyat xonalari o‘rin olgan. Shuningdek, shaxsiy tarkibning jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirish, sport bilan shug‘ullanishi uchun ham imkoniyatlar yaratilgan.
Yangi binoning ochilishida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Qosimali Ahmedov so‘zga chiqib, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in sodir bo‘lganda uni bartaraf qilishda bunday bino inshootlar o‘z samarasini berishi, aholi o‘rtasida keng ko‘lamli profilaktik tadbirlarni amalga oshirishda katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Yong‘in-qutqaruv qismi shaxsiy tarkibi har qanday vaziyatda ham shay holda bo‘lishi uchun xodimlarning bilim va mahoratini oshirib borish talab etiladi. Shu bois ular turli sport musobaqalarida ham faol ishtirok etmoqda. Endilikda mazkur qism tumandagi birinchi va ikkinchi sektor hududidagi 21 ta mahalla aholisiga xizmat ko‘rsatadi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA