Kecha tunda internet ijtimoiy tarmog‘ida "Xo‘jaobod tumanida tog‘ yonmoqda" sarlavhasi ostida Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi tog‘da yong‘in bo‘layotganligi, odamlar yong‘inni o‘chirishga harakat qilayotganligi haqida videoxabar tarqalgan edi.
Xabar ko‘pchilikni xavotirga soldi. Bugun ertalab ushbu holat bo‘yicha Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan rasmiy munosabat bildirildi. Unda shunday deyiladi:
“Joriy yilning 3 avgust kuni soat 20.44 da Xo‘jaobod tumani, “Beshqavoq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qarovsiz ochiq maydondagi qurigan o‘t xashaklar yonayotganligi haqida “112” tizimi orqali Andijon viloyati FVBga xabar kelib tushgan. Xabarga asosan, zudlik bilan voqea joyiga Yong‘in-qutqaruv ekipajlari yetib borgan va sodir bo‘lgan yong‘in soat 21.28 da batamom o‘chirilgan.
Yong‘in natijasida ochiq maydondagi qurigan xashaklar yongan. Yong‘in natijasida tan jarohati olganlar yo‘q”.
Ushbu holat bo‘yicha Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan quyidagi munosabat berilgan:
“Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumani, Beshqovoq MFY hududida joylashgan Manak ota tog‘ qismida 2 gektar yer maydonida yong‘in sodir bo‘ldi.
Yong‘in viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan tezda o‘chirildi. Hududdagi 15 tub terak daraxtlariga zarar yetgan”.
Viloyat faqulodda vaziyatlar hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmalari mutasaddilarining ma’lum qilishicha, yong‘inning kelib chiqish sabablari, atrof-muhitga yetgan talofat o‘rganilmoqda.
F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri