Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
22:06 / 2017-06-02

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Lalmi yerlardan foydalanishni rag‘batlantirish va samaradorligini yanada oshirish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatdosh bo‘lgan yong‘oq ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish hisobiga zamonaviy yong‘oq plantatsiyalarini barpo qilish hamda yong‘oq yetishtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan usullar va intensiv texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, “Sag agro” va “Sam antep gilam” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarining:

Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini (keyingi o‘rinlarda Uyushma deb ataladi);

Uyushma tarkibida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida Yong‘oqchilik ilmiy-tadqiqot markazi, Yong‘oq logistika markazi, “Sag agro MTP” MChJ, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida hududiy “Yong‘oqagro” MChJ tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar Uyushmaning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

mahalliy tabiiy-iqlim sharoitlariga moslashtirilgan yong‘oqning serhosil zamonaviy plantatsiyalarini yaratish, shuningdek, yong‘oq yetishtirishning ilmiy asoslangan usullarini va resurslarni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;

respublika hududlarida yong‘oq ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish choralarini ko‘rish, mahsulotni sotish bozorlarini kengaytirish maqsadida marketing tadqiqotlarini olib borish, eksport hajmini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

respublika hududlarining tabiiy-iqlim sharoitlariga mos kelishligini inobatga olgan holda, yong‘oqning serhosil nihollarini laboratoriya sharoitlarida yetishtirishni tashkil etish;

ishlab chiqilgan innovatsiyaviy texnologiyalarni yong‘oq yetishtirish jarayoniga joriy qilish uchun ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;

yong‘oq ko‘chatlarini parvarish qilishga jalb etiladigan agronomlarni yong‘oq plantatsiyalarida agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri o‘tkazish bo‘yicha o‘qitish uchun maxsus tayyorlov kurslarini tashkil etish;

Uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, imtiyoz va preferensiyalar berish, xorijiy investitsiyalarni, jumladan, xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb qilish yo‘li bilan davlat ko‘magini olishda har tomonlama ko‘maklashish.

3. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:

“Sag agro” MChJ va “Sam antep gilam” MChJ, “Yong‘oqchilik ilmiy-tadqiqot markazi” MChJ, “Yong‘oq logistika markazi” MChJ, “Sag agro MTP” MChJ, shuningdek, hududiy “Yong‘oqagro” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasining muassislari hisoblanadi;

“Yong‘oqchilik ilmiy-tadqiqot markazi” MChJ yong‘oqni mahalliy iqlimga moslashtirish va rayonlashtirish, serhosil, tez pishar, qurg‘oqchilikka chidamli va virussiz navlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshiradi;

“Yong‘oq logistika markazi” MChJ yong‘oq mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga, shuningdek, eksport qilinadigan mahsulotlarni tayyorlash va bojxona hujjatlari rasmiylashtiruvini ta’minlashga ixtisoslashadi;

“Sag agro MTP” MChJ yong‘oq ishlab chiqaruvchilarga agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mexanizatsiya xizmatlari ko‘rsatadi;

tashkilotlar Uyushmaga erkin a’zo bo‘lish hamda uning tarkibidan chiqish huquqiga egadir;

Uyushma faoliyatini moliyalashtirish uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning ixtiyoriy ajratmalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.

4. Quyidagilar:

Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasining tashkiliy tuzilmasi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar sxemasi 1- va 1a-ilovalarga;

boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 20 nafar bo‘lgan ijro etuvchi apparati tuzilmasi 2-ilovaga;

hududiy “Yong‘oqagro” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarining namunaviy tuzilmalari 3-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

5. Belgilab qo‘yilsinki, Uyushma raisi va uning o‘rinbosarlari muassislarning umumiy yig‘ilishi qarori bilan saylanadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tasdiqlanadi;

6. Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini hamda hududiy “Yong‘oqagro” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarini tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy tadbirlarni muvofiqlashtirish va ularni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha 4-ilovaga muvofiq tarkibda Ishchi guruh (keyingi o‘rinlarda Ishchi guruh deb ataladi) tuzilsin.

Ishchi guruhi (Z.T.Mirzayev) bir oy muddatda:

Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi hamda hududiy “Yong‘oqagro” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari belgilangan tartibda tashkil etilishini;

Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi Ustavining tasdiqlanishini va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini;

Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi ijro apparati tasdiqlangan tuzilmaga va shtatlar jadvaliga muvofiq puxta tanlash asosida yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin.

7. Ishchi guruh (Z.T.Mirzayev) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan birgalikda uch oy muddatda 2017-2021-yillarda yong‘oq yetishtirish hajmini yanada ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi loyihasini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin, Dasturda quyidagilar:

birinchi bosqichda (2017-2019-yillar) – yong‘oq ko‘chatlarini respublikaga olib kelish;

ikkinchi bosqichda (2018-2019-yillar) – yong‘oqni payvandlash uchun payvandtaglarni keltirish;

uchinchi bosqichda (2020-yil) – laboratoriya sharoitida yong‘oqning tegishli mintaqa tabiiy-iqlim sharoitlariga mos yuqori hosildor navlarini ishlab chiqarish;

to‘rtinchi bosqichda (2018-2020-yillar) – yong‘oq yetishtirish va uni ichki hamda tashqi bozorda sotishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Andijon, Qashqadaryo, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari, Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi ikki oy muddatda:

Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda tabiiy-iqlim sharoitlari va tuproq tarkibi bo‘yicha yong‘oq ko‘chatlarini ekish uchun qulay, umumiy maydoni 10 ming gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari tanlanishini;

yong‘oq plantatsiyalarini barpo etish bo‘yicha loyiha tashabbuskorlari – tadbirkorlik subyektlari tanlab olinishini ta’minlasinlar.

9. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda ikki oy muddatda yong‘oq plantatsiyalarini barpo etish bo‘yicha loyihalarni, shu jumladan, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlarini jalb qilish hisobiga, bosqichma-bosqich moliyalashtirish manbalarini aniqlasin va 50 million AQSh dollarigacha bo‘lgan miqdorda kredit mablag‘lari ajratilishini ta’minlasin.

10. Yong‘oq plantatsiyalarini barpo etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida Uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan chetdan olib kelinadigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tomchilatib sug‘orish uskunalari, maxsus qishloq xo‘jaligi texnikalari, yong‘oq ko‘chatlari, payvandtaglari, payvandustlari, onalik materiallari, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida, bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) 2020-yilning 1-yanvarigacha bo‘lgan muddatga ozod etilsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Uyushmaning talabnomalariga asosan yong‘oq plantatsiyalarini barpo etish loyihalarini amalga oshirish doirasida jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga konsullik yig‘imlari va boshqa yig‘imlar undirilmasdan kirish vizalari rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Uyushmaning talabnomalariga asosan yong‘oq plantatsiyalarini barpo etish loyihalarini amalga oshirish doirasida jalb qilinayotgan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning vaqtincha yashash manzillarida vaqtincha ro‘yxatga olinishini va vaqtincha ro‘yxatga olish muddati uzaytirilishini ta’minlasin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Uyushmaning talabnomalari bo‘yicha yong‘oq plantatsiyalarini barpo etish loyihalarini amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasida mavjud bo‘lmagan) mutaxassislarni respublikaga jalb qilishga ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) hamda qayd etilgan xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga rozilik berilishini (muddati uzaytirilishini) ta’minlasin.

14. Yong‘oq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi Samarqand viloyati, Samarqand shahri, Katta O‘zbek trakti ko‘chasi, 14-uyga joylashtirilsin.

15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                              Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 1iyun