So‘z Qirg‘iziston vazirlariga...
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 18-19 iyul kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Dasturga boy – istiqbolli kelishuvlar, yangi loyihalar startiga chorlov bo‘lib xizmat qilgan ikki kunlik tashrif O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari rivojida tarixiy davr bo‘ldi. Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, ko‘plab masalalar bo‘yicha hamfikrligi tufayli barcha sohalardagi hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda.
Ko‘ksaroyda o‘tgan muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlar, ishbilarmonlar, ekspertlar va jamoatchilik darajasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar yakunida yetakchilar Keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi. Energetika, avtomobilsozlik va to‘qimachilik sanoatida yirik qo‘shma loyihalarga start berildi.
Qirg‘iz delegatsiyasi vakillari – mamlakat vazirlari tashrif tafsilotlari, erishilgan kelishuvlarning hayotga tatbiq etilishi va Prezidentlarning do‘stona munosabati natijasida xalqlarimiz farovonligini ta’minlashning muhim mezonlari belgilab olinayotganini alohida ta’kidladi.
Jeenbek KULUBAEV, Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri:
– Davlat rahbarlarining O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikni faol rivojlantirish va mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekani yana bir o‘z tasdig‘ini topdi.
Samarali muzokaralar yakunida qator kelishuvlarni imzoladik. Ulardan biri – o‘zaro strategik hamkorlikni har tomonlama chuqurlashtirish bilan bog‘liq. Mazkur hujjat aloqalarimizning qay darajada ekani va istiqbollarini belgilab beradi.
Bundan tashqari, iqtisodiyot, turizm, madaniyat va huquqni muhofaza qilish yo‘nalishlarida qator hukumatlararo va idoralararo bitimlar imzolandi. Mazkur kelishuvlar davlat tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni osonlashtiradi.
Eng muhimi, fuqarolarimizga chegarani kesib o‘tib, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishi uchun zamin yaratib beramiz. Tashrif doirasida kelishilgan hujjatlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlari manfaatlariga xizmat qiladi.
Taalaybek IBRAEV, Qirg‘iz Respublikasi energetika vaziri:
– Ikki tomonlama munosabatlarimiz a’lo darajada, deb aytish mumkin va istalgan vaqtda biz bir-birimizga yordam qo‘lini uzatamiz. Qator hamkorliklar orasida energetika masalasi ham o‘zaro bog‘liq. Hamkasblarimiz bilan bu boradagi aloqani mustahkamlab boryapmiz.
10 iyun kuni Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha kelishuv imzoladik. Ushbu loyihaga doir bitimni tez fursatda imzolash va loyihaning amaliy bosqichini boshlash muhimligi qayd etildi. Shuningdek, ikki mamlakat salohiyatini hisobga olgan holda kichik gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha kompleks hamkorlik dasturi tayyorlanaymiz.
Qayd etish kerak, fotoelektr stansiyasi bo‘yicha ham kelishuvga erishdik. “O‘zbekenergo” bilan yaqin hamkorlikda ishlab kelyapmiz. Bir so‘z bilan aytganda, energetika yo‘nalishidagi aloqalarimiz kelgusida yanada faollashadi.
Bugunga kelib, davlatlarimiz yetakchilarining sa’y-harakatlari tufayli yirik xalqaro loyihalarni amalga oshirish, turli sohalarda ҳамкорликни yangi bosqichga olib chiqishga e’tibor qaratilmoqda. Qirg‘iz Respublikasi rahbarining mamlakatingizga davlat tashrifi energetika sohasida ham yangi sahifalar, yangi tarix ochadi. Munosabatlar mustahkamlanib borgani sari energetika sohasidagi sherikligimiz ham kengayib boraveradi.
Jildiz POLOTOVA, Qirg‘iz Respublikasi mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya vaziri:
– So‘nggi uch yil ichida Qirg‘iz Respublikasi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Asosiy maqsad – o‘zaro hamkorligimizni yanada kengaytirish, xususan mehnat, migratsiya va ijtimoiy masalalarda, shuningdek, fuqarolarimizning huquqlarini ta’minlash borasida o‘zaro tajriba almashishdan iborat.
Ma’lumki, mehnat sohasida yurtingizda ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi. Albatta, biz uchun ushbu yo‘nalishda tajriba almashish juda muhim. Kelishilgan hujjatlar mehnat-migratsiya yo‘nalishidagi o‘zaro hamkorligimizga, kadrlar tayyorlashdagi muhim bilimlarni davlatlarimizga integratsiya qilishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.
Ayaz BAETOV, Qirg‘iz Respublikasi adliya vaziri:
– Barcha yyo‘nalishlar bo‘yicha hamkorligimiz dinamikasi yuqorilab borayotganini ko‘rishimiz mumkin. So‘nggi yillarda munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Ikki tomonlama aloqa rivojida Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi alohida ahamiyat kasb etadi, albatta. Bu nafaqat mavjud munosabatni mustahkamlash, balki istiqboldagi hamkorlikning start olishida muhim.
Adliya sohsida mamlakatingizning adliya vaziri bilan do‘stona munosabat o‘rgatilgan, samarali hamkorlik uchun normativ-huquqiy baza ham yangilangan. Yil boshida onlayn formatda hujjatlarni imzolashga erishdik. Bunda bitim va hamkorlik dasturi bosqichlari kelishib olindi. Tabiiyki, biz qonunchilik jihatidan boshqa sohalarning rivojida o‘z hissamizni qo‘shishga harakat qilamiz.
O‘zA muxbiri
Behruz XUDOYBERDIEV yozib oldi.