Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yomg‘irlatib sug‘orish tizimining afzaliklari o‘rganildi (+video)
18:54 / 2026-01-27

Suvni iqtisod qilish davr talabi. Obi-hayotni tejab-tergab ishlatgan fermerning shu kunlarda biri ikki bo‘lmoqda. Yangiyo‘l tumanidagi Husan Haydarov ta’sischiligidagi fermer dalasidamiz. Bu yerda 37 gektarlik maydonda bug‘doy urug‘i parvarish qilinib, yomg‘irlatib sug‘orish tizimi o‘rnatildi. Natija yomon bo‘lmadi. Suvdan, mineral o‘g‘itdan, qishloq xo‘jaligi texnikalari va yoqilg‘idan iqtisod qilgan fermer bu mavsumda katta daromad kutmoqda. U o‘z tajribasini Jizzax, Samarqand, Sirdaryo va Toshkent viloyatidan kelgan tuman fermerlar kengashi raislari bilan o‘z dalasida o‘rtoqlashmoqda.

“Hech qancha pul ketmas ekan, davlat tomonidan subsidiyalar oldim, ushbu yerni auksionda yutib olib, bor pulimni ushbu zamin unumdorligini oshirishga sarfladim. G‘allamiz bir tekis unib chiqdi. 100 sentner hosil olishni mo‘ljallayapman. Kelgusida bu ishlarni yana davom ettiraman”, - deydi xo‘jalik rahbari seminar ishtirokchilariga.    

Darhaqiqat, suv – ulug‘ ne’mat, butun olam tirikligining manbai. Obi-hayot bilan dasturxonimiz to‘kin-sochin, bozorlarimiz noz-ne’matlarga to‘la va arzon, turmushimiz farovon. Shunday ekan uni har tomchisini asrab-avaylab kelajak avlodga yetkazish bugungi kunning dolzarb masalasidir.  

Kelayotgan dehqonchilik mavsumi oldidan O‘zbekiston Fermerlar kengashi tashabbusi bilan respublikamizdagi barcha viloyat, tuman fermerlar kengashlari rahbar-xodimlari uchun 2 kunlik o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.  

 Dehqonchilik mavsumi oldidan an’anaviy tashkil etib kelinayotgan mazkur o‘quv seminarlari davomida tinglovchilar asosan sohadagi qonunchilik, o‘zgarish va yangilanishlar, innovatsion texnologiyalar, hosil yetishtirishning samarali usullari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘ladi hamda o‘zaro tajriba almashadilar.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/MMru0LEU3xk" title="Yomg‘irlatib sug‘orish tizimining afzaliklari o‘rganildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA