Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yomg‘ir yog‘ar ham qayg‘umga, ham quvonchimga
17:05 / 2022-11-07

Yomg‘ir yog‘ar shig‘alab yog‘ar,

Tomchilar, tomchilar sochimga.  

Yomg‘ir yog‘ar shig‘alab yog‘ar,  

Ham qayg‘umga, ham quvonchimga.  

 Bugun erta tongdan sharros yomg‘ir yog‘ar ekan, xassos shoir Rauf Parfining ushbu misralari yodimga tushdi.  

 Keng dalalardan o‘tib kelar ekanman, yog‘ayotgan yomg‘ir rizq-ro‘z, kelgusi yil uchun baraka, deya quvondim. Shivalab turgan yomg‘irda jovdirab turgan g‘alla maysalari bayram qiladi guyo. Ammo Qarshi shahriga kirib kelar ekanman katta yo‘l yoqariga to‘planib qolgan sun’iy ko‘llarni ko‘rib, yo‘ldagi quvonchdan asar ham qolmadi. Balki qayg‘uga aylandi. Tinimsiz yoqqan yomg‘ir ba’zi ko‘chalarning  yarmini qoplagan. Piyodalar yo‘lakchalari yopilib qolganidan piyodalar yo‘lning istalgan joyidan kesib o‘tishga majbur bo‘lmoqda.  

 Hatto shaharning markaziy ko‘chalaridan biri hisoblangan Islom Karimov ko‘chasida ham ahvol shu. Yig‘ilib qolgan suvlar obodonlashtirish boshqarmasining maxsus mashinalari orqali tortib olinmoqda. Suvni yomkisiga so‘rib olayotgan mashinalar shofyorlarini suhbatga chorladik. “Hammasiga tinimsiz yoqqan yomg‘ir sabab, bunaqa yomg‘ir yog‘magan-da hech”, deydi ulardan biri. Yana boshqasi: “Shaharda oqova suv chiqib ketadigan quvur bo‘lmagandan keyin, na iloj” deydi. Lekin qachongacha? Har yomg‘ir yoqqanda shaharda ahvol shu. Natijada yo‘llarda cho‘kishlar, yorilishlar hosil bo‘lmoqda. Nahotki, viloyat markazi bo‘lgan Qarshi shahrida oqovo suv tarmog‘ini tashkil qilib bo‘lmasa? Yoki Obodonlashtirish boshqarmasi ishchilari ta’kidlaganidek hammasiga tinimsiz yoqqan yomg‘ir aybdormi?  

Ushbu masalaga izoh izlab viloyat obodonlashtirish boshqarmasi rahbarini izladik. Ammo topa olmadik. Bunday paytda albatta topilmaydi.

 Qarshi shahar hokimligi axborot xizmati esa ushbu holat yuzasidan telegramm tarmog‘idagi rasmiy kanalida quyidagicha izoh qoldirdi.  

“Kuchli shamol va yomg‘ir oqibatlari bartaraf etilmoqda. Kecha tunda Qarshi shahrida esgan kuchli shamol va yomg‘ir oqibatida ayrim daraxtlarga zarar yetkazilgan. Bundan tashqari, yoqqan kuchli yomg‘ir oqibatida shaharning ayrim ko‘chalarida suv to‘planib qolish holatlari kuzatildi. Hozirda ushbu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilib, ishlar olib borilmoqda”.  

Ushbu muammoning yechimi, quyosh chiqib yomg‘ir suvlari tezda qurib ketgani kabi, havoga parlanib ketmaydi. Hali butun qish mavsumi oldinda, qolaversa seryomg‘ir bahor navbat kutib turibdi. Xulosa o‘zingizdan.

 O‘lmas Barotov, O‘zA.