Yomg‘ir suvi – bu shaxsiy hovli, bog‘ va sabzavot, o‘simliklarni sug‘orish uchun foydalansa bo‘ladigan tabiiy suv zaxirasi hisoblanadi.
Shu sabab dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yomg‘ir suvlaridan unumli foydalanish orqali ichimlik suvini tejash masalasi dolzarb yo‘nalishga aylandi. Iqlim o‘zgarishlari, suv manbalarining kamayishi va aholi sonining oshishi sharoitida bu yondashuv eng maqbul va barqaror yechimlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Yomg‘ir suvini yig‘ish orqali erishiladigan natijalar, bunga xalqaro va ilmiy qarashlar xususida O‘zbekiston XDP Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i, Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi deputati Muxsiddin Nizomiddinov bilan suhbatlashdik.
–So‘nggi yillarda ko‘pgina xorijiy mamlakatlarda yomg‘ir suvidan unumli foydalangan holda ichimlik suvini tejashning zamonaviy imkoniyatlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Buni bizning mamlakatda ham yo‘lga qo‘yish borasida chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?
–Ko‘p mamlakatlar qatorida O‘zbekiston ham bugungi kunda suv resurslari cheklangan davlatlar qatoriga kiradi. Ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyoda so‘nggi 50–60 yil ichida muzliklar maydoni qariyb 30 foizga qisqargan. Bu esa Amudaryo va Sirdaryo suv rejimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xalqaro baholashlarda O‘zbekiston suv stressi yuqori bo‘lgan davlatlar orasida qayd etilmoqda. Agar mavjud suv resurslaridan foydalanish samaradorligi oshirilmasa, yaqin yillarda sezilarli suv tanqisligi yuzaga kelishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, yomg‘ir suvlaridan foydalanish mamlakatimiz uchun muhim strategik yo‘nalish hisoblanadi. O‘zbekistonda o‘rtacha yillik yog‘in miqdori 186 millimetrni tashkil etadi. Bu binolar tomlaridan katta hajmda yomg‘ir suvini yig‘ish imkonini beradi. Ushbu suv ichimlik uchun emas, balki yashil hududlarni sug‘orish, hojatxona tizimlari va boshqa texnik ehtiyojlar uchun samarali qo‘llanishi mumkin. Bugungi kunda bu borada amaliy ishlar boshlangan. Xususan, Toshkent shahrida yomg‘ir suvlarini yig‘ish va boshqarish bo‘yicha zamonaviy infratuzilma joriy etilmoqda.
Yig‘ilgan suvlar asosan ko‘kalamzorlashtirish ehtiyojlariga yo‘naltirilmoqda va ichimlik suvining behuda sarfini kamaytirmoqda. Biroq, ilmiy va xorijiy tajribalar shuni ko‘rsatadiki, yomg‘ir suvlaridan foydalanish ixtiyoriy emas, balki majburiy normalar asosida joriy etilgandagina kutilgan samarani beradi. Shu bois, yangi qurilayotgan bino va inshootlarda bunday tizimlarni joriy etish, milliy standartlarni ishlab chiqish va qonunchilikka kiritish dolzarb vazifa hisoblanadi.
– Yomg‘ir suvini yig‘ish orqali qanday natijalarga erishsak bo‘ladi?
–Yomg‘ir suvini yig‘ish va undan oqilona foydalanish bugungi sharoitda suv resurslarini boshqarishning eng samarali va ilmiy asoslangan yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ilmiy tadqiqotlar va xalqaro amaliyot shuni ko‘rsatadiki, yomg‘ir suvlarini tizimli ravishda yig‘ish orqali bir vaqtning o‘zida ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan muhim natijalarga erishish mumkin.
Birinchidan, yomg‘ir suvini texnik ehtiyojlarda qo‘llash orqali ichimlik suvining sezilarli qismi tejaladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir kishi kuniga o‘rtacha 60–70 litr ichimlik suvini tejashi mumkin. Bu esa markazlashtirilgan ichimlik suv tarmoqlariga tushadigan yukni kamaytiradi va suv ta’minoti barqarorligini oshiradi. Ayniqsa, shahar sharoitida bu juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ikkinchidan, yomg‘ir suvlarini yig‘ish tizimlari shahar infratuzilmasida suv toshqinlari xavfini kamaytiradi. Yomg‘ir paytida suvlarning tartibsiz oqib ketishi oldi olinadi, drenaj tizimlari yengillashtiriladi va yo‘llar hamda bino poydevorlariga yetadigan zarar kamayadi. Bu esa shaharlar uchun muhim muhofaza chorasi hisoblanadi.
Uchinchidan, yig‘ilgan yomg‘ir suvlari yashil hududlarni sug‘orishda keng qo‘llaniladi. Bu shahar mikroiqlimini yaxshilaydi, havo haroratini pasaytiradi va ekologik muvozanatni mustahkamlaydi. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishlari sharoitida “yashil shahar” konsepsiyasini rivojlantirishda yomg‘ir suvlari muhim resurs hisoblanadi.
To‘rtinchidan, yomg‘ir suvlaridan foydalanish iqtisodiy jihatdan ham foydali. Ichimlik suvini yetkazib berish, tozalash va nasoslash xarajatlari qisqaradi. Uzoq muddatda bu davlat va aholi uchun sezilarli iqtisodiy tejamkorlikni ta’minlaydi.
Yomg‘ir suvini yig‘ish orqali suv resurslaridan samarali foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va kelajak avlodlar uchun suv xavfsizligini mustahkamlash mumkin. Shu bois, bu yo‘nalishni ilmiy asosda keng joriy etish bugungi kunning muhim vazifasidir.
– Yomg‘ir suvidan qishloq xo‘jaligi sohasida foydalanish jarayonlari qanday bo‘ladi?
–Yomg‘ir suvlaridan qishloq xo‘jaligi sohasida foydalanish bugungi suv tanqisligi sharoitida eng muhim va istiqbolli yechimlardan biri hisoblanadi. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yomg‘ir suvini to‘g‘ri yig‘ish, saqlash va taqsimlash orqali sug‘orish tizimlarining samaradorligini sezilarli darajada oshirish mumkin. Avvalo, yomg‘ir suvlari tabiiy holda toza va yumshoq bo‘lib, tarkibida tuz miqdori kam bo‘ladi. Bu esa tuproq sho‘rlanishining oldini olishga yordam beradi. Qishloq xo‘jaligida yomg‘ir suvlaridan foydalanish jarayoni asosan uch bosqichdan iborat bo‘ladi: yig‘ish, saqlash va sug‘orishga yo‘naltirish. Yomg‘ir yog‘gan paytda suv dalalar chetidagi maxsus ariqlar, kollektorlar yoki tomlardan yo‘naltirilib, yer osti yoki yer usti suv omborlarida to‘planadi.
Keyingi bosqichda yig‘ilgan suv tomchilatib sug‘orish yoki past bosimli purkagichlar orqali ekin maydonlariga yetkaziladi. Bu usullar suvning isrof bo‘lishini kamaytiradi va o‘simlik ildiziga bevosita yetib borishini ta’minlaydi. Natijada kam suv bilan ko‘proq hosil olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ayniqsa, sabzavot, bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarida bu usul juda samarali hisoblanadi.
Yomg‘ir suvlaridan foydalanishning yana bir muhim jihati — sug‘orish mavsumida daryolar va kanallarga bo‘lgan qaramlikni kamaytiradi. Bu esa suv tanqisligi kuchaygan davrlarda fermerlar uchun barqarorlik yaratadi. Shuningdek, yomg‘ir suvini yig‘ish orqali tuproq namligi saqlanib, yerning unumdorligi oshadi. Yomg‘ir suvlaridan qishloq xo‘jaligida foydalanish ekologik toza, iqtisodiy jihatdan tejamkor va uzoq muddatli barqaror yechimdir. Bu tizimlarni keng joriy etish nafaqat fermerlar, balki butun jamiyat uchun foyda keltiradi.
Gulnoza Boboyeva suhbatlashdi.
O‘zA muxbiri