Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yomg‘ir suvidan samarali foydalanish qurg‘oqchilikning oldini olishga sabab bo‘ladi
16:22 / 2025-12-24

So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi, aholi sonining oshib borishi va shaharlarning kengayishi suvga bo‘lgan ehtiyojni yanada kuchaytirmoqda. Shu bois suv resurslaridan oqilona foydalanish, uni tejash va qayta ishlatish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ana shunday sharoitda “Yomg‘ir suvlarini yig‘ish va qayta ishlatish tizimini yangi qurilishlar uchun standart sifatida joriy etish” tashabbusi zamonaviy va maqsadga muvofiq yechim hisoblanadi. Hozirda bu tizimdan qator xorijiy davlatlarda ham foydalanilmoqda.

Xususan, yomg‘ir suvini samarali boshqarish bo‘yicha qator davlatlarda muvaffaqiyatli tajribalar mavjud. Jumladan, Singapurda texnik suvning 45 foizi yomg‘ir suvi hisobiga qoplanadi. Germaniya shaharlarida bog‘dorchilik va sanitariya tizimlari avtonom yomg‘ir suvini qayta ishlash modullariga ulangan. Yaponiya amaliyoti orqali toshqin yuklamasi 25-30 foizgacha kamaytirilgan.

Ushbu yondashuv shaharsozlikda barqarorlikni ta’minlash, drenaj tarmoqlariga tushayotgan yuklamani kamaytirish hamda ichimlik suvi iste’molining behuda sarflanishini sezilarli darajada qisqartirish imkonini beradi.

– Tashabbusni tizimli va samarali joriy etish uchun uni milliy qonunchilik bilan mustahkamlash zarur, – deydi O‘zbekiston XDP Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i, Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi deputati Muxsiddin Nizomiddinov. – Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etiladi. Mazkur o‘zgarishlar yomg‘ir suvlarini yig‘ish va foydalanish tizimini yangi qurilishlar uchun majburiy standart sifatida belgilashga huquqiy asos yaratadi.

Tashabbusni amaliyotda sinab ko‘rish uchun Toshkent viloyati eng maqbul hudud sifatida tanlanadi. Bu hududda yog‘in miqdorining nisbatan barqarorligi va qurilish sur’atlarining yuqoriligi loyihani samarali sinovdan o‘tkazish imkonini beradi.

Mazkur tashabbus davlatimiz rahbarining “Hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun tuman (shahar) hokimliklari faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq amalga oshiriladi.

Farmonga binoan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab tajriba-sinov tartibida “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomi berilgan 33 ta hudud hamda Surxondaryo viloyatining barcha tuman va shaharlari qamrab olinadi.

Shu doirada Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahri, Bo‘ka tumani, Chirchiq shahri va Chinoz tumanida loyihaning amaliy samaradorligi sinovdan o‘tkazilib, olingan natijalar asosida uni boshqa hududlarda ham joriy etish imkoniyati yaratiladi.

Loyihani texnik baholash, ekspertiza qilish va muvofiqlashtirish ishlarida asosiy mas’ul tashkilotlar sifatida Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi hamda Toshkent viloyati hokimligi belgilanadi.

Yomg‘ir suvini yig‘ish tizimi binolarda sodda va samarali texnologik zanjir asosida tashkil etiladi. Tizim yog‘in suvini yig‘ish, tozalash, saqlash va qayta foydalanishni ta’minlaydi.

Bunda tom sathi yog‘ingarchilikni yig‘ish uchun asosiy maydon hisoblanadi. Jarayonda yog‘inning ilk, iflos qismi ajratib tashlanadigan mexanizm, tozalangan yomg‘ir suvini xavfsiz saqlash tizimlari qo‘llaniladi. Quyosh panelida ishlovchi nasoslar — suv uzatish jarayonida energiya tejamkorligi va mustaqillikni ta’minlaydi.

Yomg‘ir suvini yig‘ish va qayta ishlatish tizimini joriy etish iqtisodiy va ekologik jihatdan qator ijobiy natijalarni ta’minlaydi.

Jumladan, ichimlik suvi sarfi 30-50 foizgacha qisqaradi, bu aholi uchun tejamkorlikni oshiradi. Texnik ehtiyojlarning 70-100 foizi yomg‘ir suvi hisobiga qoplanadi, ichimlik suviga tushadigan bosim kamayadi. Drenaj tizimiga tushadigan yuklama 30-35 foizga kamayib, suv oqovalari bilan bog‘liq xavflar pasayadi.

Shuningdek, har bir xonadon uchun yillik iqtisodiy foyda o‘rtacha 120-250 ming so‘mni tashkil etadi. Yer osti suvlari infiltratsiya orqali 15-25 foizgacha to‘yintiriladi, bu ekologik barqarorlikni mustahkamlaydi.

Xulosa qilib aytganda, yomg‘ir suvini yig‘ish va qayta ishlatish tizimini yangi quriladigan binolar uchun majburiy standart sifatida joriy etish Yangi O‘zbekiston shaharlarining barqaror rivojlanishida muhim qadam bo‘ladi.

Bu yondashuv ichimlik suvini tejash, iqtisodiy samara yaratish, muhandislik va drenaj infratuzilmasiga tushadigan yuklamani kamaytirish, yer osti suvlari zaxirasini to‘yintirish hamda shahar va tuman ekotizimini yaxshilashga kompleks ta’sir ko‘rsatadi.

Natijada, mazkur tizim ekologik barqarorlik, resurs tejamkorligi va zamonaviy shaharsozlik talablariga javob beradigan yangi standart sifatida shakllanishi mumkin.

Ayni paytda markazlashgan suv ta’minoti tizimlarida ichimlik suvidan nafaqat ichish, balki texnik va xo‘jalik ehtiyojlari uchun ham foydalanish holatlari saqlanib qolmoqda. Bu esa ichimlik suvi zaxiralarining samarasiz sarflanishi va kanalizatsiya tizimlariga ortiqcha yuk tushishiga sabab bo‘lmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA