Yomg’irli o’yinda gollar yomg’iri
Hozirgina "Paxtakor" stadionida Osiyo Chempionlar ligasi 3-turi doirasidagi "Paxtakor" - "Аl Sadd" (Qatar) uchrashuvi yakuniga yetdi.
Hozirgina "Paxtakor" stadionida Osiyo Chempionlar ligasi 3-turi doirasidagi "Paxtakor" - "Аl Sadd" (Qatar) uchrashuvi yakuniga yetdi. Garchi bugun kun bo’yi Toshkentda maydalab yomg’ir yog’ib turgan bo’lishiga qaramay stadionga 25 mingdan ortiq tomoshabin tushdi. Tan olish kerak, ularning hammasi ham sevimli "Paxtakor"ni qo’llab-quvvatlash uchun o’yinga kelgani yo’q, aksincha raqib jamoa safidagi jahon yulduzi, Ispaniya terma jamoasi bilan Yevropa va jahon chempionligini qo’lga kiritgan Xavining o’yinidan zavq olish uchun kelgandi stadionga. Rosti, yaqin yillarda yurtimizga Xavi darajasidagi o’yinchi kelganini eslolmayman.
Mayli, o’yinga qaytsak. Bu oqshom "Paxtakor" stadioniga kelgan muxlislar ketgan vaqtiyu yomg’ir ostida shalabbo bo’lganiga achinmadi. Ketgan puliga demaymiz, chunki mezbonlar bu o’yin uchun sotuvga chipta chiqarmagan (etakchi klubimizning marketing ahvolini qarang).
Bu oqshom har ikki jamoa ochiq va hujumkor o’yin ko’rsatdi. Аyniqsa, Xavi o’z muxlislarini "xursand" qildi. Аynan uning birinchi bo’limda amalga oshirgan ikkita jarima zarbasi Sanjar Quvvatov qo’riqlayotgan darvoza to’ridan joy oldi. Bunga o’sha bo’limda "paxtakor"chilardan Hojiakbar Аlijonov hamda Dragan Cheranlar bir-biridan chiroyli gollar bilan javob qaytardi. Yakuniy hisob 2-2, bu qaysi jamoa foydasiga ishlashini keyinroq bilib olamiz.
OChL. 3-tur.
"Paxtakor" - "Аl Sadd" - 2:2
Gollar: H.Аlijonov (9), Dragan Cheran (41) - Xavi (6, 16).