Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘lsozlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinlari boshlandi
17:57 / 2024-02-07

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tashabbusi bilan sohada faoliyat yuritayotganlarning intellektual va professional bilim darajasini, ma’naviy-axloqiy saviyasini muntazam ravishda oshirish, bu borada bilimli va salohiyatli kadrlarga iqtidorini namoyon etishi uchun shart-sharoit yaratish, ularni munosib ravishda rag‘batlantirish maqsadida korxona-tashkilotlar ishchi-xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil etilmoqda.

“Zakovat” intellektual o‘yinining dastlabki saralash bosqichi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida bo‘lib o‘tdi. 

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘yinda ishtirok etish uchun har bir muassasa ishchi-xodimlaridan iborat 6 kishilik jamoa shakllantirilgan. Jamoa tarkibida mutaxassislar, yo‘lni saqlash ishlari bilan shug‘ullanuvchi xodimlar va oddiy ishchilar ham bor. 

Nukusda boshlab berilgan ilk bosqichda tizim korxonalarining 20 ta jamoasi o‘zaro bellashdi. Jami 120 nafar ishtirokchining 12 nafari xotin-qizlardir. 

Ishtirokchi jamoalarning har bir a’zosi “Zakovat”da faol ishtirok etib, bilim va tafakkurini sinovdan o‘tkazdi. Bahslar natijasida “Chimboy” , “Beruniy” , “Qoratov” jamoalari 1-, 2- va 3-o‘rinlarga sazovor bo‘ldi. 

G‘oliblar maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Har bir jamoaga maxsus statuyetkalar topshirildi. Barcha jamoalardan saralab olingan 6 nafar ishtirokchidan tashkil topgan Qoraqalpog‘iston terma jamoasi “Zakovat”ning respublika bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldi. 

Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, “Zakovat” intellektual o‘yini barcha hududlarda tashkil etiladi. 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA