Termiz shahrida yaqinda ishga tushirilgan “Manguzar” avtoshohbekatida Xitoyning “ZHONGTONG BUS” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 35 ta zamonaviy avtobusni topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo viloyati transport boshqarmasi va “Termiztransportxizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida olib kelingan 35 ta zamonaviy avtobus endilikda yo‘lovchilarga tezkor, sifatli xizmat ko‘rsata boshlaydi.
Xitoyning “ZHONGTONG BUS” kompaniyasi rasmiylari, transport sohasi mutasaddilari, jamoat faollari va nuroniylar ishtirok etgan marosimda keyingi yillarda mamlakatimizda yo‘lovchi tashish xizmati sifatini oshirish va samaradorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Buning uchun jamoat transporti tizimi modernizatsiya qilinib, avtoparklar zamonaviy texnik talablarga to‘la javob beradigan, yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan, ekologik toza va energiya tejamkor avtobuslar bilan ta’minlanayotgani qayd etildi.
[gallery-26064]
Yangi avtobuslar to‘liq “Brutto” shartnomasi asosida shahar ichki yo‘nalishlarida qatnovni boshlaydi. Bu esa jamoat transportining samaradorligini oshirib, aholining xavfsiz va qulay harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Viloyatda jamoat transportini yangilab, zamonaviy avtobuslar parkni kengaytirish davom ettiriladi.
Tadbirda yangi avtobuslarning kaliti viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovga tantanali topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA