Aholimizning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qiluvchi transportlar qatorida yo‘lovchi poyezdlarining o‘rni beqiyos. Bugungi kunda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» aksiyadorlik jamiyati tomonidan mahalliy yo‘nalishlar bilan bir qatorda, xorijiy qatnovlar ham amalga oshirilmoqda. Bu esa xizmatga bo‘lgan talabning yuqoriligidan dalolat. Talab oshgan sari, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish ko‘lami va sifati ham oshishi zarur. 5 sentyabr kuni «Toshkent markaziy» temir yo‘l vokzalida, «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Sharofiddin Qodirov va jamiyatning boshqa mas’ullari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda Ommaviy axborot vositalari xodimlariga tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘lovchilarga yaratilayotgan qulayliklar, ko‘rsatilayotgan servis xizmatlar hamda elektron chiptalar sotuvining bugungi holati, kelgusi rejalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
2023-2024 yillar davomida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJda daromad 130 % ga o‘sib, xarajatlar 125% ga pasaygan. Buning natijasida jamiyatga zamonaviy turdagi yangi yo‘lovchi vagonlarini sotib olinmoqda, mavjud vagonlar kapital ta’mirlanib, turli yo‘nalishlarda yo‘lovchi poyezdlari parki kengayib borayotir. Masalan joriy yilning hozirgi davrigacha 28 ta yangi zamonaviy vagonlarni sotib olinib, 92 ta mavjud vagonlar ta’mirdan chiqarildi, bu esa yo‘lovchi poyezdlari tarkibidagi vagonlar sonini ko‘payishiga va yangi yo‘lovchi poyezdlarini ishga tushirishga imkon berdi.
Yo‘lovchi vagonlari parkini to‘ldirish natijasida Toshkent, Nukus, Qo‘ng‘irot, Urganch va Xiva shaharlararo yo‘lovchi poyezdlari tarkibidagi vagonlar soni 14 tadan 22 tagacha ko‘paytirildi.
Shuningdek, «Toshkent – Sariosiyo – Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha 15 vagondan iborat alohida yo‘lovchi poyezdi ishga tushirildi. Bundan tashqari, «Qo‘ng‘irot – Andijon – Qo‘ng‘irot», «Andijon – Termiz – Andijon» yo‘nalishlarida yo‘lovchi poyezdlari soni bittaga ko‘paytirildi. Shu bilan birga, «Andijon – Xonobod – Andijon», «Namangan – Chodak – Namangan» yo‘nalishlarida yangi shahar atrofi yo‘lovchi poyezdlari harakati tashkil etildi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanishicha yangi yo‘lovchi poyezdlarining ishga tushirilishi va turli yo‘nalishlarda vagonlar sonining ko‘payishi tufayli yo‘lovchilarning o‘rtacha soni kuniga 27 541 kishiga yetkazilgan.
Amalga oshirilgan ishlar jarayonida yuz bergan asosiy o‘zgarishlardan biri elektron chiptalarni sotish tizimidir. Buning yordamida yo‘lovchilar sayohat hujjatlarini elektron shaklda sotib olishlari mumkin, bu nafaqat qulay, balki xarajatlarni kamaytirishga imkon beradi. Elektron sotuvlarning 40 foizdan 60 foizgacha o‘sishi yo‘lovchilar yangi texnologiyalarni qadrlashini va ulardan qulaylik uchun foydalanishga tayyorligini ko‘rsatadi.
Ma’lum qilinishicha 2024 yil oxirigacha 28 ta yangi yo‘lovchi vagonlarini sotib olish rejalashtirilgan, 2025 yilda esa yana 40 ta. Shuningdek Yo‘lovchi vagonlarida ko‘rpa-to‘shaklarni to‘liq yangilash va 2024 yil oxirigacha sovitish tizimiga ega vagonlar sonini 160 dan 220 tagacha oshirish belgilangan.
Ma’lumot uchun 2024 yilning sentyabridan boshlab Toshkent va Moskva o‘rtasida temir yo‘l qatnovi qayta tiklanib, yo‘lovchilar uchun yanada qulaylik yaratiladi.
Umuman olganda, so‘nggi yillarda jamiyatning yo‘lovchi tashish sohasidagi yutuqlari samarali boshqaruv, strategik rejalashtirish va doimiy ravishda takomillashtirishga intilishning namunasidir. Amalga oshirilgan tadbirlar va rivojlanish investitsiyalari tufayli jamiyat bozordagi mavqeyini mustahkamlashda va yo‘lovchilarining ehtiyojlarini qondirishda davom etmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/wXW4WAJp40g?si=UhvXasCV53jbRJlg" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Nozimbek Mardonov, A.Sodiqov (video) O‘zA