French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘llarimiz ravon bo‘lmoqda
12:46 / 2025-06-24

Bugun aksariyat haydovchilar bilan suhbatlashib qolsangiz, Navoiy viloyatidagi avtomobil yo‘llari boshqa hududlarga qaraganda tubdan farq qilishi, ravon va tekisligi, “o‘ydim-cho‘ydim chuqur”larning nisbatan kamligi yoxud umuman yo‘qligini gapirishadi.

Bugungi kunda viloyat hududida 9 ming 597 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llari mavjud bo‘lib, shundan 4 ming 055 kilometri umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari hamda 5 ming 542 kilometri ichki yo‘llarni tashkil etadi.

Albatta, yo‘llarning tekis va ravon bo‘lishida yo‘lsozlarning fidokorona va mashaqqatli mehnatini alohida e’tirof etish o‘rinlidir. Viloyat yo‘lsozlari esa nafaqat viloyatda, balki respublikada ham o‘ziga xos maktab yaratishgan.

– 2025 yil 1-choragida Navoiy viloyatida avtomobil yo‘llari qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari hamda ularda joylashgan sun’iy inshootlarni tiklash yuzasidan dasturlar doirasida bir qator ishlar amalga oshirildi, – deydi viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Alisher Halimov. – Jumladan, barcha dasturlar doirasida jami 58,3 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi hisobiga 212,8 km avtomobil yo‘llarida rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari olib borildi. Davlatimiz rahbarining 2024 yil 30 oktyabr– 1 noyabr kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Nurota tumani va Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanini bog‘lovchi D074 “Mitan qo‘rg‘oni – Qo‘shrabot t. – Nurota sh.” avtomobil yo‘lining 0-120 kilometri oralig‘i hamda Navbahor tumani Yaltirobot va Qalqonota aholi punktlari hududidan o‘tuvchi D067 “Zarafshon trakti” 159-177 kilometrlari va 180–184 kilometrlari oraliqlaridagi yo‘llarni ta’mirlash hamda piyodalar yo‘lagini qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqildi. Hozir ob’ektlarda ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Mazkur avtomobil yo‘llari qurilishi, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlarining bajarilishi yo‘l harakati xavfsizligi ta’minlanishiga, aholiga qulay shart-sharoitlar yaratilishiga hamda tirbandliklarning oldi olinishiga zamin yaratadi. 

Bir necha yillardan buyon aholini Karmana tumanidagi Bog‘ishamol mahallasini Navoiy shahar markazi bilan bog‘lovchi temir yo‘l ustidan o‘tuvchi yo‘l muammosi qiynab kelardi. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 9,3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Hozir ko‘prikning temir-beton tayanch ustunlari qurilmoqda.

Shuningdek, turizm yo‘nalishidagi Xatirchi tuman “Ko‘ksaroy” suv ombori orqali Angidon mahallasiga olib boruvchi avtomobil yo‘lining 19 kilometrida ta’mirlash ishlari olib borildi. 

Albatta, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini texnik soz holatda saqlash muhim vazifalardan sanaladi. Joriy yilning dastlabki uch oyi mobayida 164 km uzunlikdagi avtomobil yo‘llari ta’mirlandi. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida esa 451 dona yangi yo‘l belgisi o‘rnatildi va yaroqsizlari almashtirildi. 2 dona yo‘nalishda dastlabki, yo‘naltiruvchi va masofa ko‘rsatuvchi yo‘l ko‘rsatkichlari hamda 3 dona yangi svetafor o‘rnatildi. Yo‘l yotiq chiziqlari chizilib, piyodalar yo‘laklari qurildi. 

Ichki yo‘llarni ta’mirlash, asfalt va shag‘al yotqizish aholini uzoq yillardan bo‘yon qiynab kelayotgan muammolardan biri hisoblanadi. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida 6,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 43,8 km uzunlikdagi yo‘llar ta’mirlandi.

Mahalliy byudjet hisobidan dizel yoqilg‘i mahsulotlari ajratilib, yo‘l korxonalarining maxsus texnikalaridan unumli foydalanilgan holda hududlardagi 38,8 kmdan ortiq tuproq yo‘llarga shag‘al yotqizildi. 

Albatta, olib borilayotgan ishlarning barchasi yo‘llarda piyodalar va haydovchilarning xavfsiz va bexavotir harakatlanishi uchun amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri