2024 yil yakunida zargarlik sohasida ishlab chiqarish hajmi 2,5 trillion so‘m, o‘sish ko‘rsatkichi 115 foizga yetkazilgan. O‘tgan yilda zargarlik mahsulotlari eksporti 95 million dollarni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 120 foizga o‘sishga erishilgan.
Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida aytib o‘tildi.
Dastlab “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga zargarlik sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda zargarlik sanoatiga davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada bugungi kunda sohada faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 3 baravarga oshdi. Sohada 3 mingga yaqin xodim faoliyat yuritmoqda.

2025 yil yakuniga qadar soha vakillari qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarning yillik ishlab chiqarish hajmlarini 1 milliard dollarga va eksport ko‘rsatkichini 100 million dollarga yetkazishni o‘zlariga maqsad qilgan.
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarning qimmatbaho metallarga bo‘lgan talabini qondirish, ularning rivojlanishi uchun qulay biznes muhitni yaratish va qonunchilikda mavjud bo‘lgan byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish zaruriyati yuzaga kelgan.
Qonun zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarini xomashyo bilan ta’minlashni yaxshilash, ularning eksport salohiyatini oshirish, sohadagi korxonalarning faoliyat quvvatlaridan samarali foydalanishni ta’minlash, shuningdek, aholining sifatli zargarlik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qanoatlantirishga qaratilgan.

Bundan tashqari, majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga hamda jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ham muhokama qilindi.
Mamlakatimizda tirbandlik masalasi dolzarb muammoga aylanmoqda. So‘nggi 2-3 yilda Toshkent shahrida 7-9 ballik tirbandliklar har kuni kuzatilmoqda, ayrim vaqtlarda esa holat 10 ballgacha ko‘tarilmoqda. Mazkur holatlar yo‘llardagi asabbuzarlik va ziddiyatli vaziyatlarga, yo‘lovchi hamda haydovchilarning soatlab vaqtini yo‘lda o‘tkazishiga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu muammoni kamaytirish hamda aholiga qulayliklar yaratish maqsadida jamoat transportiga ustuvorlik berish yo‘nalishida amaliy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida avtobuslar soni so‘nggi 2 yilda qariyb 2 mingga oshdi, avtobuslar uchun alohida yo‘laklar (181,2 km) tashkil etildi. Avtobuslar oraliq intervali 2 barobarga, ya’ni 16 daqiqaga qisqarib, yo‘lovchilar soni 2 barobarga (1 kunlik 1 million nafar yo‘lovchi) ko‘paydi.

Biroq, qonunchilikdagi bo‘shliqlar jamoat transportidan foydalanish samaradorligini jiddiy pasaytirmoqda. Qatnov muntazamligi va jamoat transportining erkin harakatlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, haydovchilarning transport vositalarini velosiped yo‘laklari, trotuarlar hamda yashil hudud maydonlarida boshqarish holatlari kuzatilayotgani ushbu hududlarda harakat qatnashchilarining xavfsizligini ishonchli ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, majlisda noqonuniy ravishda sun’iy to‘siqlar o‘rnatish va yo‘lni to‘sib qo‘yish holatlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Fuqarolar o‘z yashash hududlaridagi ko‘chalarda noqonuniy ravishda sun’iy to‘siqlar o‘rnatishi, yo‘lni to‘sib qo‘yish orqali harakatlanishni cheklagan holda transport vositalari haydovchilari va boshqa fuqarolarga, ayniqsa, aholiga shoshilinch xizmat ko‘rsatuvchi hamda maxsus transport vositalari harakatiga to‘sqinlik qilmoqda.
Amaliyotda yuzaga kelayotgan shunday muammolarni hamda qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida mazkur qonun ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, qo‘mita majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuni ham ko‘rib chiqildi. Qonun Milliy gvardiya organlari faoliyatining samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhokama yakunida ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA