Sifatli yo‘llar mamlakat taraqqiyoti va aholi farovonligining muhim omillaridan biridir. Yo‘l infratuzilmasi qanchalik rivojlangan bo‘lsa, iqtisodiy aloqalar, savdo-sotiq, turizm va ishbilarmonlik faoliyati shunchalik samarali bo‘ladi. Yaxshi holatdagi yo‘llar fuqarolarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlab, vaqt va xarajatlarni tejaydi, transport vositalariga tushadigan zararni kamaytiradi. Shu bilan birga, sifatli yo‘llar shahar va qishloqlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlab, hududlarning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada jami 184 ming 596 km. avtomobil yo‘llari mavjud bo‘lib, shundan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari 42 ming 371 km.ni, shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari 142 ming 225 km.ni tashkil etadi.
Xo‘sh, o‘tgan 2025 yilda hududlarda yo‘llarni obodonlashtirish va ta’mirlash bo‘yicha qanday amaliy ishlar amalga oshirildi?

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva sohada bajarilgan ishlar xususida ma’lumotlar taqdim etdi.
Mutaxassisga ko‘ra, 2025 yilda tasdiqlangan dasturlar doirasida 4 ming 318 ta ob’ektda jami 15 trillion 758 milliard so‘m miqdorida yo‘l ishlari bajarilgan hamda 21 ming 553 km. avtomobil yo‘llari va 320 ta ko‘prik inshooti rekonstruksiya qilingan, ta’mirlangan. Shundan, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar bo‘yicha 300,3 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilgan hamda 213,1 km. yo‘llar rekonstruksiya qilingan.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida transport va piyodalarning xavfsiz harakatini tashkil qilish maqsadida 54 mingdan ortiq yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlari, 186 dona svetofor va 120,5 km. yo‘l to‘siqlari, aholi punktlarida 410 km. o‘tish yo‘lagi va 382,5 km. velosiped yo‘laklari hamda 92 km. sun’iy yoritish tizimi barpo etilgan. 860 km. uzunlikdagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari autsorsing asosida ekspluatatsiya qilish uchun xususiy tadbirkorlarga berilgan.

Avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash ishlarida asosan qaysi turdagi qurilish mahsulotlari ishlatilgan?
Qayd etilishicha, avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash ishlarida yaroqlilik muddatiga asosan sifatli qurilish materiallari va yangi markadagi bitum mahsulotlari keng qo‘llanilgan. Yo‘l ishlarida “resurs usuli”dan voz kechilib, sifat va hajm ko‘rsatkichlarini nazarda tutuvchi “hajm usuli”ga o‘tilgan. Yo‘llarda yuk avtomobillarining vazni va hajmini nazorat qiluvchi jami 86 ta o‘lchov-nazorat shoxobchasi o‘rnatiladigan joylar auksion savdolariga chiqarilib, shundan 41 tasi bo‘yicha g‘olib tadbirkorlar aniqlangan . “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida hududlarda 3 017 km. yo‘l bo‘ylariga 8 million 840 ming donadan ortiq daraxt va buta ko‘chati ekilgan.
Aholi va yo‘llardan foydalanuvchilarga qulayliklar yaratish maqsadida bir qator ob’ektlar foydalanishga topshirilgan. Xususan, Xiva shahrida 550 metr uzunlikdagi yer osti avtomobil yo‘li qurilgan, Bekobod tumanidagi Do‘stlik va Yangiovul mahallalari hududlarini bog‘lovchi Sirdaryo daryosi ustidan o‘tgan ko‘prik va unga olib boruvchi 6 km. avtomobil yo‘li qurilib, foydalanishga topshirilgan. Sharof Rashidov tumanidagi Islom Karimov ko‘chasini M39 magistral yo‘liga bog‘lovchi yangi yo‘nalishdagi 4 km. avtomobil yo‘li va 700 pm. uzunlikdagi yo‘l o‘tkazgich qisqa muddatlarda qurilib, aholi uchun foydalanishga berilgan.

Bundan tashqari Mahtumquli ko‘chasidan “Yangi O‘zbekiston” bog‘i chorrahasigacha bo‘lgan qismida 6,7km. avtomobil yo‘li hamda "Olimpiya shaharchasi"ga tutash hududlarda 21 km. sport yo‘lakchalari foydalanish uchun taqdim etilgan. Bo‘stonliq tumanida “Toshkent-Bo‘stonliq” avtomobil yo‘lida yer osti piyodalar o‘tish tunneli qisqa muddatlarda qurilib foydalanishga topshirildi.
2026 yilda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini rivojlantirish uchun 5 trln. 930 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Mazkur mablag‘lardan 1 trillion 898 milliard so‘m O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga muvofiq umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish, shuningdek ob’ektlarni jihozlash va texnika xarid qilish uchun sarflanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, boshqa yo‘nalishlar uchun 480 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, saqlash va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan bog‘liq xarajatlar uchun 3 trillion 578 milliard 600 million so‘m, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish uchun 442 milliard 400 million so‘m hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasidagi loyihalarni amalga oshirish guruhlarini saqlash xarajatlari uchun 11 milliard so‘m safarbar etiladi.
Xulosa qilib aytganda, yo‘l sohasida olib borilayotgan islohotlar aholi hayotini yengillashtirish, harakat xavfsizligini ta’minlash va iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirishga qaratilgan muhim qadamdir. Yangi yo‘llar qurilishi, mavjudlarini ta’mirlash hamda zamonaviy infratuzilma joriy etilishi orqali fuqarolar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratilmoqda. Kelgusida ham ushbu islohotlar izchil davom ettirilishi orqali mamlakatimizda transport tizimi yanada takomillashib, aholi farovonligiga xizmat qiladi.

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi,
O‘zA