Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlashda aholi va yo‘l harakati ishtirokchilarining fikri inobatga olinadi
15:23 / 2024-02-01

Hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab bir kunda 3 mingdan ortiq odam yo‘l-transport hodisasi qurboni bo‘ladi. Shu bois, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash bugun bir mintaqa yoki hudud emas, butun sayyoramiz miqyosida global muammoga aylanmoqda.

Mamlakatimizda ham yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash, ya’ni turli qoidabuzarliklar sodir etilishi, insonlar o‘limi bilan bog‘liq mudhish holatlarning oldini olish masalalariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. 

2024 yil 19 yanvarda qabul qilingan “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga xizmat qiladi. Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun joriy yil 27 iyuldan kuchga kiradi. 

– Amaldagi “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun 2013 yil 10 aprelda qabul qilingan, – deydi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov. – Qonun mutaxassislar tomonidan tahlil qilinganda, unda qayta o‘rganib chiqilishi hamda takomillashtirilishi lozim bo‘lgan normalar mavjudligi aniqlandi. Jumladan, qonun normalari bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon talablariga, amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘la mos kelmasligi ma’lum bo‘ldi. Shu kabi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi. 

Qabul qilingan mazkur qonun 7 bob va 58 moddadan iborat bo‘lib, unda yuzaga kelayotgan qator muammo va tushunmovchiliklarga barham beradigan me’yorlar belgilandi. 

Qonunda “yo‘l” tushunchasiga ta’rif berilib, soha amaliyotidan kelib chiqib, yo‘l harakati sohasidagi asosiy prinsiplar belgilandi. Jumladan, endilikda yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlashda mahalliy aholi va yo‘l harakati ishtirokchilari fikrining inobatga olinishi hamda ekologik xavfsizlik va atrof-muhit muhofaza qilinishining ustuvorligi yo‘l harakati sohasidagi asosiy prinsiplardan biri bo‘ldi. 

Qonun bilan yo‘l harakati sohasida Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Transport vazirligi va uning idoraviy tashkilotlari, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasining vakolatlari aniq belgilab qo‘yildi. 

Natijada yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga nafaqat tor doiradagi mas’ul tashkilotlar, balki boshqa davlat idoralari va keng jamoatchilikning salohiyati safarbar etiladi. 

Alohida qayd etish lozimki, yo‘l harakati sohasida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining vakolatlari kengaytirildi. Yo‘l harakatini tashkil etishda – harakatlanishning belgilangan tezlik bilan ta’minlangani, yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati, yo‘lning harakatlanish bilan yuklanganlik darajasi, harakatning uzluksizligi va qulayligi, yo‘lning toifasiga qarab transport vositalarining o‘qlariga tushadigan og‘irlikka va yuk ko‘tarish qobiliyatiga ko‘ra o‘tkazish quvvati yoki umumiy yuk ko‘tarish hajmi inobatga olinishi maxsus vakolatli davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi. 

Qonunda yo‘l harakatini tashkil etishga doir umumiy talablar, xususan, yo‘l egasining huquq va majburiyatlari hamda tashqi reklama va axborot ob’ektlarini joylashtirish bo‘yicha normalar belgilandi. Jumladan, yo‘l harakatini tashkil etishga monelik qiluvchi tashqi reklama va axborot ob’ektlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilgan. 

Bundan tashqari, yo‘lning ta’mirlash ishlari olib borilayotgan uchastkalarida yo‘l harakatini tashkil etish tartibi ham aniq belgilandi. Xususan, yo‘l uchastkalarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash yoki ta’mirlash bo‘yicha ishlar bajarilayotganda yo‘lning mazkur uchastkalaridagi qatnov qismining ko‘pi bilan ellik foizi o‘tish uchun cheklanishi yoki yopilishi mumkin, ta’mirlash ishlari olib borilayotgani to‘g‘risida esa fuqarolar ommaviy axborot vositalari orqali oldindan ogohlantirilishi lozim. 

Qonunga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarda to‘xtab turish joylarini qurish – ushbu hududda ekologik xavfsizlikni hamda atrof-muhitga, aholining sog‘lig‘i va osoyishtaligiga salbiy ta’sirni kamaytirish hisobga olingan holda amalga oshirilishi zarur. 

To‘xtab turish joylariga bo‘lgan ehtiyojlarni aniqlash uchun mazkur hududda foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatilishi uchun zarur bo‘lgan transport vositalarining soni, shuningdek, ularning kelgusida ko‘paytirilishi inobatga olinishi kerak. 

Shu bilan birga, qonunda pulli to‘xtab turish joylariga doir talablar, pulli to‘xtab turish joylari egalarining huquq va majburiyatlari mustahkamlab qo‘yildi. 

Ushbu normalarda to‘xtab turish joylarida uning kirish yoki undan chiqish joyiga tutash bo‘lgan alohida joylar nogironligi bo‘lgan shaxslar boshqaradigan va ushbu shaxslarni tashiydigan transport vositalari uchun ajratilishi ta’minlanishi shartligi alohida qayd etildi. 

Yo‘l harakati ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari ham qonun bilan aniq belgilab qo‘yildi. Jumladan, yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘llarda harakatlanishning xavfsiz shart-sharoitlariga bo‘lgan huquqlari davlat tomonidan kafolatlandi. 

Qonun yo‘llarda fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash, yo‘l harakatini tashkil etishni to‘g‘ri va tizimli yo‘lga qo‘yish, yo‘l harakati ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi. 

Norgul Abduraimova, O‘zA