Yo‘llarda xavfsizlik choralari kuchaytirildi
Yurtimizda ob-havoning keskin o‘zgarib, yomg‘ir va qor yog‘ishi sababli yo‘llarda muzlamali holatlar kuzatilmoqda.
Bunday sharoitda haydovchi ham, piyoda ham ehtiyotkorlikni oshirib, hushyor bo‘lishi, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishi zarur.
Noqulay ob-havo sharoitida yo‘llarni qordan tozalash va qum-tuz aralashmasini sepish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Ayniqsa, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari xavfsizlik choralarini kuchaytirib, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga harakat qilmoqda. Shu maqsadda barcha kuch va vositalar xizmatga jalb etilgan.
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti yo‘l harakati xavfsizligi xizmati barcha yurtdoshlarimizni, xususan, haydovchilardan ehtiyotkor bo‘lib, yo‘l harakati qoidalariga amal qilishlarini so‘radi.
N.Abduraimova, O‘zA