27 sentyabr – Butunjahon turizm kuni
Bugun, 27 sentyabr turizm va ushbu sohada ishlayotgan mutaxassislarning bayramidir.
Har yili Butunjahon turizm kuni alohida shior ostida nishonlanadi. 2025 yilgi mavzu – “Turizm va barqaror transportatsiya”.
Turizm – iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan biri va inson faoliyatining o‘ziga xos ko‘rinishi hisoblanadi. Shu sababli taraqqiyotning umumiy qonuniyatlari o‘zining maxsus qirralarida namoyon holda turistik tashkilotning aniq faoliyati orqali aks ettiriladi. Har bir mamlakatda o‘zining siyosiy qarashlari, iqtisodiyoti rivojlanishining yo‘nalishlari, jamiyat an’analarining ko‘p qirralari mavjud.
O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasi jahon turistlik jarayonining ajralmas tarkibiy qismi bo‘lib, u XXI asrning ustuvor tarmoqlaridan biri ekanligini alohida ta’kidlash lozim.
Ko‘p yillik tarixdan ma’lumki, bu soha turli sivilizatsiyalar izi bilan boyib, tabiat va arxitektura uyg‘unligida insonga savdo, fan, yangi yerlarni ochish va o‘zlashtirish, resurslar va yangi transport yo‘llarini izlab topish maqsadida jahon bo‘ylab sayohat qilish imkonini bergan.
Sayyohlik O‘rta Osiyoda ham rivojlangan bo‘lib, o‘lkamizdagi ilk sayyohlik ko‘rinishlari “Buyuk Ipak yo‘li”ga borib taqaladi. Bu yo‘l faqat savdo yo‘li bo‘lmay, aksincha, dunyo xalqlari o‘rtasida madaniy hamda davlatlararo aloqalar yo‘li bo‘lgan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, “Buyuk Ipak yo‘li” ustida joylashgan, kun sayin xalqaro madaniy almashinuv markaziga aylanib borayotgan Vatanimiz boy tarixiy madaniy merosga, qulay tabiiy-iqlim sharoitiga va ayni paytda ichki va tashqi zamonaviy turizm intratuzilma hamda industriyasini rivojlantirish uchun yuqori salohiyatga ega.
Bu yurt – har bir qadami tarix, har bir nafasi saboq zamindir. Ko‘ngil uning muqaddas tuproqlari ustida oyoq bilan yurishga buyurmas, qabul etilsa bosh bilan yurish lozim...
Faxr bilan aytishimiz kerakki, yurtimiz sayyohlik ko‘lami va tarixiy joylar bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘n mamlakat qatorida turadi.
Sayohat – bizga o‘zimizni transformatsiyalashga, ichki kechinmalarimizni tinglab qalbni qayta sozlashga, maqsadlar sari kuch yig‘ishga imkon beradi. Chunki bizning ichki e’tiqodimiz biz yashayotgan haqiqatni shakllantirib, kelajagimizni yaratadi.
Hammamizga ma’lumki, turizm xalqaro xizmatlar bozori tarkibida nafaqat iqtisodiy rivojlanishning kuchli vositasi, balki, muayyan hudud qiyofasini yaratish, kelajak yutuqlari va tarixini targ‘ib etish, shuningdek, turistik mahsulot eng ko‘p eksport qilinishi e’tiborga olinsa, mamlakatda osoyishtalik va barqarorlik hukm surmog‘i bilan rivojlanadigan, sayohat xizmatlarini diversifikatsiya qilish orqali muvaffaqiyatga erishish mumkin bo‘lgan muhim tarmoqlardan biridir.
Turistik xizmatlarni raqamlashtirish jarayoni bu sanoatning raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi, chunki mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilaydi va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar o‘z faoliyatidan ko‘proq daromad olishadi. Shunday qilib, raqamli tranformatsiya ta’siri ostida hozirgi vaqtda turizm sohasida muhim tendensiyalar paydo bo‘ldi. Innovatsion va raqamli VR texnologiyalar yordamida virtual turistik tajribalar yaratishi zamonaviy raqamli dunyoda turizm sohasining yuksalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yuqori talabga ega turistik xizmatlar bozorining mohir marketing san’ati mamlakat hududiy salohiyatidan samarali foydalanishga zamin yaratadi. Bunda talabni o‘rganish va uning potensial mijozlarini aniqlash bilan birga, o‘z imkoniyatidan kelib chiqib xizmat takliflarini hisobga olgan holda o‘zida mavjud turistik ko‘nikmalarini shakllantirib borishga ham yordam beradi.
Sayohat – bugunning ilhomi, ertaning umidi. Undan qolgan har bir esdalik hayotning nafasidek qadrli va cheksiz orzularning parvozi uchun maydon. Bu maydon umr kitobining sahifalaridurkim, xotira ko‘chirmalarini bitib boraveradi.
Dunyo bo‘ylab sayohatchilarning yildan-yilga ortishi nafaqat turizm biznesiga balki, bu istiqbolli sohasining barqaror taraqqiyotiga bevosita ta’siri vaqt va zamon o‘zgarishi bilan yanada rivojlanib, tarmoqlanib bormoqda.
Bugun sayyohlik agentliklari yilning to‘rt faslida ham ichki va tashqi xizmatlarga e’tibor qaratib, respublikamiz aholisi, ko‘plab idora-tashkilotlar kasaba uyushmalari, mahalla faollari bilan hamkorlikda ishlab, xorijlik mijozlarga ham noyob eksklyuziv maxsus xizmatlar taklif etib, tezkor sur’atlarda rivojlanmoqda.
Sayohat – unutilmas va yangi hissiyotlar dengizidir. Barcha mumkin bo‘lgan mavzular ichida sayohat qilish rassom uchun eng qiyini bo‘lsa, aksincha, jurnalist uchun eng osonidir.
Tog‘lardagi soyning tip-tiniq jilg‘alarida o‘z aksiga mahliyo bo‘lgan oydek, tunda osmondagi yulduzlarning hayratlanarli aylana harakatidan qalbingiz ilhomlanib sayohat zavqidan orom oladi.
Sayohatsevarlar juda yaxshi bilishadi, dunyoda go‘zal maskanlar juda ko‘p. Sayohat ta’mini bilgan insonlar shirin xotiralar uchun mablag‘larini ayashmaydi. Chunki pulni ishlab, topib qaytarish mumkin, ammo vaqt orqaga qaytmaydi, biz qayta hozirgidek energiyaga to‘la bo‘lmaymiz.
Dubayga borib Burj Xalifaga, Parijdagi Eyfel minorasiga chiqib tomosha qilgan-u, lekin ona yurtimiz O‘zbekistonda yashab, haligacha Toshkent teleminorasiga chiqib, butun Toshkentni ko‘rmaganlar oramizda topilsa kerak...
Kuzatishlarimdan kelib chiqib, shunga amin bo‘ldimki, aslida dam olish sayohatini o‘z shahrimizning ilgari bormagan joylarini kashf qilishdan, yaqin tuman yoki qo‘shni viloyatlarga kichik safarlar uyushtirishdan boshlash mumkin, degan xulosaga keldim. Chunki mahalliy sayohat nafaqat byudjetli, balki ruhiy jihatdan ham yaqinroqdir.
Hayotimizda kamida bir marta jamadonni yig‘ish kabi hayajonli ongga hamda havoda charchagan soatlarga chidamli tayyorgarlik ila qo‘limizda qimmatbaho chiptani ushlagancha aeroportning kutish zalida betoqatlanib, vaqt go‘yoki sekinlashgandek lahzalarni hammamiz boshdan o‘tkazganmiz.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va hukumatimiz tomonidan ichki turizmni rivojlantirish borasida ko‘plab qonun va farmonlar qabul qilinayotgani ham bu soha rivojiga katta hissa qo‘shishi barobarida, yana ko‘proq va sifatli ishlashga, har bir sayyohga mas’uliyat bilan hizmat ko‘rsatishga undaydi.
O‘tgan vaqt davomida sayyohlik sanoatlari faoliyatida yuqori o‘sishlar kuzatildi. O‘zbekiston bo‘ylab bu xizmatdan foydalanuvchilar soni ko‘payib, yurtimizning Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva, Farg‘ona vodiysi va boshqa tarixiy shaharlariga uyushtiriladigan qiziqarli, diqqatga sazovor joylariga sayohat qilish tizimli yo‘lga qo‘yilib, sayyohlik agentliklari sub’ektlari faoliyati uchun qulay sharoit yaratishga erishilmoqda.
Bugun mehnat bozorida keskin raqobat oshib borayotgan bir paytda daromadni oshirish, sifatli xizmat ko‘rsatish, yangi pog‘onalarni zabt etish, iste’mol bozoriga xaridorgir takliflar bilan chiqish har bir sayyohlik agentligi rahbarining ulkan maqsadidir. Bu xizmatlar zamirida mijozlar orzulagan manzillari tomon quvonch bilan oshiqib ketadigan va sevinib uyiga qaytishiga yordam berib, minglab ko‘ngillarni zabt etishga erishiladi.
Har bir inson o‘z xarakteri, qiziqishi va maqsadiga qarab tanlaydi. Muhimi – siz qaysi tur orqali hayotingizga ma’no qo‘shishingizga bog‘liq. Bu jarayonni shu soha mutaxassislariga xos formulaga solib ko‘rsak: sayohatni rejalashtirishning markazida ikkita ustun turadi. Sayohat rejalarini tuzish va sayohat “mashrut”larini ishlab chiqish. Chunki ajoyib marshrutning kaliti muvozanatdir. Bu maksimal darajada sayohat ertaklaringizni ko‘ngildagidek o‘tishida muhim yo‘l xaritasidir.
Sayohat – faqat uzoq yo‘llardan iborat masofa emas, bu – boshqa hayot demakdir. Unda go‘zal manzaralar, yuksak tog‘lar, ulkan to‘lqinlarga ega dengizlar, ekologik toza mahsulotlar, zumrad rangdagi ko‘l va daryolar, sharsharalar, asosiysi tabiatning rang-barang yangilikka ochiqligi mujassam.
Shu bois, yana va yana hayotimizning nurli jabhasi bo‘lgan sayohatga ehtiyojimiz tobora ortib boraveradi. Shunday ekan, bu soha vakillarining aqlu-zakovatidan umid qilamiz. Davlatimiz tomonidan bu soha uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ishonamizki, yangidan-yangi manzillar tomon yo‘l ochadi.
Madina Zufarova, O‘zA