Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘llanma bilan ishga borganlar rad qilinsa, korxona jarimaga tortiladi
20:44 / 2021-02-01

“Tushlik uchun kuniga o‘rtacha 15 ming so‘m sarflasa, bir oyda 400 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Bitta transportda qatnash uchun yo‘l kira 80 mingdan oshadi. Kommunal to‘lovlar bor. Bozor-o‘char qilish kerak oilani boqish uchun. Endi hisoblab ko‘ring, bandlik markazlarida taklif qilinayotgan vakant o‘rinlarning maoshi 700-800 ming so‘m va u nimaga yetadi? Maoshdan maoshga ehtiyojlardan orttirib 400-500 ming so‘m jamg‘ara olmasangiz, bunday ishdan nima foyda?”

Bu Toshkent shahri Bandlik bosh boshqarmasiga ish qidirib kelgan Yoqutxonning fikrlari.

Yoqutxon kabi ish qidirib yurgan bir necha yoshlardan qancha maosh bo‘lganda ishlagan bo‘lardingiz, degan savolimizga 2,5-3,5 million atrofida ish haqi berilsa, jon deb rozi bo‘lishlarini aytishdi.

Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Toshkent shahrida 75 mingdan ko‘proq bo‘sh ish o‘rni mavjud. Ish qidirayotgan va ishsizlik ro‘yxatida turganlar soni esa 110 ming nafarni tashkil etadi. Joriy yilning yanvar oyida esa bandlik markaziga murojaat qilganlar soni 2 ming 227 nafarni tashkil etgan.

Ayni vaqtda ularning qanchasini ishga joylashtirish mumkin? Tashkilotlar yaxshi maoshli ish o‘rinlarini ataylab bekitadimi? Hozir shahardagi yoshlarning nechi foizi ish bilan qamrab olingan va ular orasida ishsizlik darajasi qanday?

Toshkent shahri Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oygul Sattorova bilan suhbatimizda ana shu savollarga javob izladik.

– Biz ish qidirganlarning 100 foiz bandligini ta’minlash imkoniga egamiz, –deydi O.Sattorova. – Lekin bu ularning xohishiga ham bog‘liq. Negaki, biz taklif qiladigan ishlar byudjet tashkilotlari bo‘lib, ularda xususiy korxonalarga nisbatan oylik maoshlar kamroq. Bizda ko‘proq xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim kabi tizimda vakant o‘rinlar bo‘ladi. Bu joylar oliy ma’lumot va malaka talab etadi. Kelayotgan yoshlarni bu joylarga yubormoqchi bo‘lsak, yoki malakasi yetarli bo‘lmaydi, yoki ma’lumoti to‘g‘ri kelmaydi.

– Ish qidirayotganlar 600-700 ming so‘mlik maoshga ishlashni xohlamasligini aytishadi. Tashkilotlar bandlik markazlariga ataylab maoshi kam ish o‘rinlarini yuboradimi yoki... buni qanday izohlaysiz?

– Biz ish so‘rab kelganlarga tushuntirishga harakat qilamiz. Bizda ko‘rsatilgani quruq maoshning o‘zi. Fuqaro salohiyatidan kelib chiqib, 2-3 oy ishlagandan keyin qo‘shimcha rag‘batlantirilib boriladi. Ishlagan yiliga qarab qo‘shimcha ish haqi ham oshib boradi.

Oylik maoshi yaxshi bo‘lgan o‘rinlarni berkitish holati ham ko‘p kuzatilgan. Hozir yagona mehnat tizimi yaratilgan va u orqali idoralar tekshirilmoqda. Biz ishga yo‘llanma berganimizdan keyin korxona rad qilsa, buni asoslab berishi kerak. Agar, asossiz rad qilsa yoki joy to‘lib qoldi, deydigan bo‘lsa, jarimaga tortiladi. Misol uchun, yaqinda tug‘ruqxonalardan birida tozalash ishlari uchun uchta vakant borligi ma’lum bo‘ldi. Odam yuborsak, joy to‘ldi degan javob keldi, biz buyruq va ishga olingan odamning hujjatlarini so‘raganimizdan keyin ular biz yuborgan odamlarni ishga olishga majbur bo‘ldi. Bunday holatlar haqiqatda uchraydi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1QIxsOxhYOo" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

– Negadir odamlar davlat tashkilotida ishlashdan ko‘ra, xususiy tashkilotlarni ma’qul ko‘rishadi. Sizlardan ham shunday ish so‘raydiganlar ko‘p bo‘lsa kerak?

– Albatta. Xususiy tashkilotlarda ma’lumot emas, malaka talab etiladi. Shu bois, biz ish qidirib kelgan fuqaroga faqatgina yo‘llanma bermasdan, ish beruvchi bilan bog‘layapmiz. Chunki, yo‘llanma bersak-u ularni nazorat qilmasak, ishimizning natijasi bo‘lmasligi mumkin. Chunki, fuqaro tashkilotga borganda, uning malakasi yetarli bo‘lmaydi yoki nimadir sabab tufayli ishga kira olmaydi. Natijada sarson bo‘lib yuraveradi. Shuning uchun, uch taraflama kelishuv qilib, korxonaga borib, joyida suhbat qilib, ishga joylashtirib, nazorat qilish yaxshi samara bermoqda.

– Ba’zida malakasi, kasbi to‘g‘ri kelmaydi, deb o‘tdingiz. Kasbi to‘g‘ri kelmasa, qayta tayyorlash imkoni bor. Adashmasam, hududlarda bunday markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.

– Bizda kasbga qayta tayyorlash bor. Aytaylik, maktab o‘quvchisi maktabni bitirgach, o‘qishga kira olmadi. U ish so‘raganda qorovul yoki farrosh qilib yuborsak ham mehnat muhofazasini bilishi kerak. Shuning uchun, yoshlarning malakasini oshirish uchun barcha tumanlarda qisqa o‘qitish kurslari yo‘lga qo‘yilgan. Duradgorlik, tikuvchilik, oshpazlik, buxgalteriya kabi 30 ortiq yo‘nalishda ta’lim beriladi. Bu markazlar bepul o‘qitishi bilan birga oylik stipendiya ham to‘laymiz.

– Hozir yoshlar orasida ishsizlik darajasi qanday va shahardagi yoshlarning nechi foizi ish bilan qamrab olingan?

– Poytaxtda ikki yarim milliondan ortiq aholi bo‘lsa, uning ishga layoqatlisi 1,5 million. Shundan 1,2 million aholining bandligi ta’minlangan. Demak, 300 mingga yaqiniga ish kerak. Uning esa 50 foizi yoshlardan iborat.

– Bu yoshlarning ishlashni xohlamayotganiga nima sabab bo‘lmoqda?

– Bir so‘zimiz bor, ko‘pchilikka, jumladan, o‘zimga ham yoqmaydi – uyushmagan yoshlar deymiz. Agar malakasi yetmasa, o‘qitib ham beramiz. Asosiy muammo, yoshlarning ishlagisi kelmayotgani. Yaqinda Mudofaa vazirligi bilan ana shunday yoshlarni “Vatanparvar” tashkilotlarida o‘qitish, ularni kasbga qiziqtirish uchun dastur ishlab chiqdik. Endi ularni Chirchiqdagi poligonlarga mashq qildirib, qiziqishlariga yarasha ish topib berishga harakat qilmoqdamiz.

– Xo‘p, ana shunday yoshlarga bandlik markazi ish ham topib berdi. Malakasi, aytaylik maoshi ham to‘g‘ri keldi. Lekin o‘sha tashkilotda ishlay olmagan holatlar bo‘lganmi?

– Bunaqasi ham bo‘lgan. Oldin markazimizga ish so‘rab kelgan yoshlar yo‘llanmani olib ketardi. Ishga kirdimi yoki bir necha kun ishlab, ketib qoldimi, hech kim bilmas edi. Hozir monitoring olib borilmoqda. Agarda 2-3 oy ishlasa, ishlab ketadi. Muammo tug‘ilsa, 2-3 kunda ketib qoladi. Shuning uchun 3 oy monitoring qilinadi.

To‘liq suhbat mazmuni bilan videoda tanishishingiz mumkin.

Sayyora Shoyeva, Yoqub Meliboyev (+video), O‘zA