Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘ling ravon bo‘lsa, uzoq manzil ham yaqin bo‘ladi
19:48 / 2023-09-23

Jizzax viloyatida jami 6753 kilometr uzunlikdagi ichki xo‘jalik yo‘llari, shaharlar va qishloq aholi punktlari ko‘chalari mavjud bo‘lib, ushbu avtomobil yo‘llarining 195 kilometr qismi sementbeton qoplamali, 2912 kilometri asfaltbeton, 158 kilometri qora qoplamali, 2870 kilometr qismi shag‘al yo‘llar hamda 619 kilometr qismi esa tuproq yo‘llarni tashkil etadi.

Agar yo‘ling ravon bo‘lsa,uzoq manziling ham yaqin bo‘ladi, deb dono xalqimiz bejizga aytmagan. Oynadek tep-teks, ravon yo‘llardan yurgan avtoulovlarning chidamliligi ortib, texnik nosozliklarga uchrash holatlari, yo‘l transport hodisalari, qolaversa ushbu avtohalokatlar sabab fuqarolar, ayniqsa, bolalarning halokatga uchrashi, yo‘l transport hodisalari sabab qurbon bo‘layotganlar soni keskin kamayadi. 

Keyingi yillarda Jizzax viloyatida ham yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilashga aohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro ahamiyat kasb etuvchi, umumfoydalanishdagi va ichki yo‘llar holati yildan yilga yaxshilanib bormoqda. Ana shu yo‘llarni yaxshilash maqsadida davlatimiz rahbari va hukumatning qator qaror va farmoyishlari qabul qilinib, ularning ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Prezidentimizning joriy yil 2 maydagi “2023 – 2025 yillarda Jizzax viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining aynan yo‘l infrastrukturasi bandining Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanidagi ijrosi bilan yaqindan tanishdik. 

Yurtimizda, jumladan, Jizzax viloyatida ham olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va ulkan bunyodkorlik ishlari zamirida, avvalo, insonga e’tibor, inson omili va qadri tamoyili mujassam bo‘lib, amalga oshirilayotgan barcha ezgu harakatlar aholi turmush darajasini yaxshilash, farovonligini yuksaltirish, shahar, qishloq va mahallalarimiz obodonligiga qaratilganini alohida ta’kidlash joiz.

“Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon”, “Xavfsiz va ravon yo‘l”, “Ochiq byudjet” kabi qator davlat dasturlari va loyihalarining hayotga tatbiq etilishi natijasida shahar va qishloqlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilib, yo‘llarimiz ravon bo‘layotir, yangi yangi ko‘priklar qurilib, muddatini o‘tab bo‘layotgnlarida ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, yangidan qurish ishlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y -harakatlar bilan odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga birin-ketin yechimlar topilib, ijobiy hal etilayotgani ham alohida e’tirofga loyiq.

Ayni paytda Jizzax viloyati hududida jami 9360 kilometr avtomobil yo‘llari mavjud bo‘lib, shundan 6753 kilometri ichki, xo‘jaliklararo hamda 2601 kilometri umumfoydalanuvdagi yo‘llardan iborat.

Bugungi kunga kelib, Jizzax viloyatida davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 57 ta, o‘tgan yilgi 30 dekabrdagi “2023 – 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infaratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 11 ta, joriy yil 2 maydagi yuqorida nomi zikr etilgan PQ–146-sonli qarori bo‘yicha 71 ta va boshqa tegishli Prezidentimiz hamda hukumat tomonidan qabul qilingan qaror va farmoyishlarga asosan 214 ta ob’ektda yangidan qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish ishlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda. 

Viloyatdagi umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llarida 40 milliard so‘mdan ortiq joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, yo‘llarda transport va piyodalar harakati xavfsizligini ta’minlash asosiy maqsad qilib belgilanganligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.

– Viloyatimizdagi 2601 kilometr umumfoydalanishdagi yo‘llarning 168 kilometrini xalqaro, 1428 kilometrini davlat hamda 1005 kilometrini mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari tashkil etadi, – deydi Jizzax viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasining texnik kuzatuv va bajarilgan ishlarni qabul qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Shukrulla Pardaboyev. – Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani hududlaridan o‘tgan “Uchtepa – Jizzax shahri” avtomobil yo‘li va shu yo‘lning “Navro‘z”, “Sangzor”, “Bunyod”, “Amir Temur” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi xo‘jalik yo‘llari, “Jizzax shahri – Uchtepa – “Olmazor” mahalla fuqarolar yig‘inidan o‘tgan avtomobil yo‘li, “Jizzax shahri – Yangiqishloq – Qizilcha – Qizilqum“ mahallalaridagi halqa yo‘l, Sharof Rashidov tumani hududidagi “H.Nosirov” – “Yangidiyor” fermer xo‘jaliklari uyushmalari, Jizzax shahrining “Shodlik”, “Jizzaxlik”, Sharof Rashidov tumanidagi “Mulkanlik, “Toshkentlik”, “Nurobod” va “Sovungarlik” MFYlardagi ta’mirlangan ko‘chalar hamda ichki ko‘chalarda asfalt qoplamasi yotqizish ishlari amalga oshirilishi nihoyalanib bormoqda hamda Sangzor daryosidan o‘tgan yangidan barpo etilayotgan ko‘prik qurilishi jadal suratlarda olib borilayotir.

[gallery-13697]

Darvoqe, Sharof Rashidov tumani Qorasoy qishlog‘i hududidan o‘tgan, qayta ta’mirlangan 72 metrlik ko‘prik hamda Ulug‘bek mahallasi hududidagi 700 pagonametr uzunlikdagi yo‘l o‘tkazgichdagi qurilish ishlari ham yaqin vaqt ichida nihoyalanishi talab etiladi. Chunki yog‘in- sochinli kunlar boshlanishiga oz fursat qoldi. 

To‘g‘ri, Jizzax shahrida ham, Sharof Rashidov tumanida ham hali ta’mir talab bo‘lgan umumiy foydalanishdagi va ichki yo‘llar talaygina. Qolaversa, shahar va tuman hududidagi yo‘llarni qo‘shib hisoblaganda, viloyatdagi mavjud yo‘llarning taxminan 45-50 foizini shu hududlardagi yo‘llar tashkil etadi. Viloyat aholisining uchdan bir qismi shu hududda istiqomat qilsa, mavjud avtotransport vositalarining to‘rtdan salkam ikki qismi Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani aholisi hisobiga to‘g‘ri keladi. 

Yo‘l infrastrukturasi tomonidan qaraganimizda, shubhasizki, kamchilik va muammolar ham boshqa hududlarga qaraganda bu hududlarda ko‘proqni tashkil etadi. Lekin Jizzax shahrida ham, Sharof Rashidov tumanida ham yo‘lsozlik borasidagi rejalar ortig‘i bilan uddalanib borayotgani tahsinga loyiqdir. 

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari.