English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yolg‘iz ota va onalarga farzandi uchun maktabgacha ta’lim xizmatidan foydalanishda moddiy yordam ko‘rsatiladi
13:14 / 2025-08-04

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va rasmiy band bo‘lgan yolg‘iz ota va onalarga farzandi uchun maktabgacha ta’lim xizmatidan foydalanishda moddiy yordam to‘lash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va rasmiy band bo‘lgan yolg‘iz ona (ota)larning ijtimoiy shartnoma asosida bir nafar farzandi uchun bola(lar) uch yoshga to‘lguniga qadar maktabgacha ta’lim xizmatidan foydalanish to‘g‘risida arizalarini qabul qilish va ko‘rib chiqish, moddiy yordam oluvchilar reyestrini shakllantirish hamda ularga subsidiya shaklida moddiy yordamni inson omilisiz avtomatik hisoblash va to‘lash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 

Moddiy yordam mablag‘lari ularni oluvchilarning “ijtimoiy karta”siga, u mavjud bo‘lmaganda AT “Xalk banki”da ochilgan bank kartalariga o‘tkaziladi. 

Birinchi marta bank kartalarini ochish uchun moddiy yordam mablag‘larini oluvchilardan haq undirilmaydi. 

2025 yil 1 sentyabrdan boshlab Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan yolg‘iz ona (ota)larga farzandi uchun maktabgacha ta’lim xizmatidan foydalanishda moddiy yordam olish bo‘yicha “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi hamda O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza bilan murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. 

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan yolg‘iz ona (ota)lar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki Davlat xizmatlari markazlariga bevosita kelgan holda yoxud ijtimoiy xodim orqali ariza bilan murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. 

Moddiy yordamni to‘lash bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqish va to‘lash jarayonida SMS-xabarnoma yuborish bilan bog‘liq xarajatlar Agentlikning Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasida ochilgan alohida g‘azna hisobvarag‘idan amalga oshiriladi. 

Qaror bilan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va rasmiy band bo‘lgan yolg‘iz ota va onalarga farzandi uchun maktabgacha ta’lim xizmatidan foydalanishda moddiy yordam to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.

Agentlik 2025 yil 1 sentyabrga qadar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida moddiy yordam olish uchun elektron arizalarni qabul qilish va ko‘rib chiqish, moddiy yordam oluvchilar reyestrini shakllantiradi hamda ularga moddiy yordam miqdorini avtomatik hisoblash va to‘lash imkoniyatini yaratadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali arizalar qabul qilish hamda xizmatlar ko‘rsatishning har bir bosqichida arizalar ko‘rib chiqilishi kuzatib borish tartibi joriy etiladi. 

Yolg‘iz ona (ota)larning AT “Xalk banki”da ochilgan bank kartalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish uchun AT “Xalk banki”ning tegishli axborot tizimlari “Yagona milliy ijtimoiy ximoya” axborot tizimi va O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan integratsiya qilinadi.

O‘zA