Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘lga chiqqan inson uyiga, oilasi, farzandlari bag‘riga sog‘-salomat qaytsin
15:13 / 2023-02-10

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan Buxoro shahridagi barcha haydovchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar mahallalar kesimida tahlil qilinmoqda. Bu boradagi ishlar mahallalarni qizil, sariq va yashil toifalarga ajratgan holda olib borilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, shaharda jami 65 ta mahallalar mavjud. Ulardan 9 tasi qizil, 24 tasi sariq va 32 tasi yashil hududga kiritilgan.

Buxoro shahridagi Gulshan mahalla qizil toifaga kiritilgan. Mazkur hududda yashovchi haydovchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va haydovchilar ishtirokida a muhokama etildi.

– bugungi kunda “Gulshan” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 638 ta avtotransport vositalari ro‘yxatdan o‘tkazilgan, – deydi Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i, kapitan Ulug‘bek Shukurlayev. –Haydovchilar tomonidan birgina 2023 yilning 1 oyi davomida jami 624 marotaba qoidabuzarliklar aniqlangan. Shulardan 5 nafari transport vositasini mast holda boshqargan haydovchilar bo‘lib qoidabuzarliklarning 60 foizini 25 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tomonidan sodir qilingan. Aynan muhokama yig‘ilishida ushbu haydovchilarning sodir qilgan qoidabuzarliklari keng jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokama qilindi. Bu kabi holatlarning barvaqt oldini olish va mahallani qizil toifadan sariq va yashil toifalarga chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Bu ishlarni amalga oshirishdan asosiy maqsad mazkur haydovchilarni nomini bulg‘ash yoki ularni mahallada obro‘sizlantirish emas, balki bugungi kunda yurtimizda, viloyatimizda yo‘l harakati qoidalarini buzib yurgan avtomashina haydovchilarini bu yo‘ldan qaytarish, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarni oldini olishdan iborat. Zero, inson har bir narsani o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaguncha yoki uni his qilmaguncha tanlagan yo‘lidan qaytmaydi.  

Haydovchilarning hushyorligini yanada oshirish maqsadida yig‘ilish ishtirokchilariga maxsus yo‘l-transport hodisalari yuzasidan tayyorlangan videorolik namoyish etildi.

So‘zimiz oxirida harakat qatnashchilaridan yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishlarini, belgilangan tezlikni oshirmaslikni, svetofor, yo‘l belgilari va chiziqlari talablariga to‘liq amal qilishlarini, charchoqlik sezilganda transport vositasini boshqarmaslikni, piyodalardan yo‘lni kesib o‘tishda o‘ta hushyor va ehtiyotkor bo‘lishlarini so‘rab qolamiz. Toki  manzili sari yo‘lga chiqqan odam borki uyiga, oilasi, farzandlari bag‘riga sog‘-salomat qaytsin.  

Zarif Komilov, O‘zA