Jizzaxda shoshilinch tez tibbiy yordam xizmati endi shunchaki chaqiruvga javob beruvchi tizim emas. U vaqt bilan poygaga tushgan, inson hayoti uchun javobgar bo‘lgan zamonaviy raqamli mexanizmga aylanmoqda.
Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Jizzax filialida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari xizmat mazmunini butunlay o‘zgartirdi. Ilgari daqiqalar bilan o‘lchangan kutilmalar bugun soniyalar hisobida nazorat qilinmoqda. Chaqiruv qabul qilingan zahoti tezkor brigada harakatga keladi, manzilga yetib borish vaqti esa avval 25–30 daqiqa bo‘lgan bo‘lsa, hozir 10–15 daqiqaga tushdi. Eng muhimi, murojaatdan keyin brigadaning yo‘lga chiqishi uchun atigi 1 daqiqa kifoya qilyapti.
Bu o‘zgarishlar zamirida filialda joriy etilgan “Metadata-2” dasturi va elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi turibdi. Raqamli yechimlar tufayli har bir chaqiruv, har bir harakat, har bir tibbiy qaror aniq hisob-kitob va nazorat asosida amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, og‘ir holatlarda aynan shu tezkorlik inson hayoti bilan o‘lim o‘rtasida hal qiluvchi omilga aylanyapti.
Yana bir muhim jihat — shaffoflik. Endi murojaatchining ovozli xabari, bemorga qo‘yilgan tashxis, qo‘llangan dori vositalari haqidagi ma’lumotlar yagona elektron tizimda saqlanadi. Bu nafaqat nazoratni, balki tahlil va takomillashtirish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.

Jizzax filiali zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda ham to‘xtab qolgani yo‘q. Yandex platformasi bilan hamkorlikda og‘ir reanimatsion holatlarda chaqiruvlarga xizmat ko‘rsatish vaqti va masofasini onlayn nazorat qilish tizimi ishga tushirildi. Bu esa har bir chaqiruvning samaradorligini aniq ko‘rish imkonini bermoqda.
Bugun filialda haydovchi, hamshira va shifokorlardan iborat 3 250 nafar xodim 124 ta guruh tarkibida faoliyat yurityapti. Viloyat bo‘ylab 70 ta binoda joylashgan tez tibbiy yordam bo‘limlari uzluksiz aloqa, yoqilg‘i va elektr ta’minoti bilan ta’minlangan. Bu bejiz emas: murojaatlar soni yil sayin ortib bormoqda. Oddiy kunlarda o‘rtacha 2 500 ta chaqiruv qabul qilinsa, mavsumiy kasalliklar avj olgan paytlarda bu raqam 3 800 tagacha yetadi. Faqat 2025 yilning o‘zidayoq viloyatda “Tez yordam” xizmatiga 561 ming 894 ta murojaat kelib tushgani ham shuning yorqin dalilidir.
Moddiy-texnik baza ham bosqichma-bosqich mustahkamlanmoqda. Ayni paytda filial ixtiyorida 10 ta “Ford” va 2 ta “Volkswagen” rusumli tez tibbiy yordam avtomashinalari mavjud. Joriy yilda olis va tog‘li hududlar uchun qo‘shimcha 8 ta yo‘ltanlamas avtomashina xarid qilish rejalashtirilgan.
Fuqarolar uchun yana bir ahamiyatli yangilik — kechayu kunduz ishlaydigan ikki postning tashkil etilgani bo‘ldi. Endi aholi “103” raqami orqali nafaqat chaqiruv qoldirishi, balki shifokor maslahatini ham olishi mumkin.
Qisqasi, Jizzax viloyatida shoshilinch tez tibbiy yordam xizmatini raqamlashtirish oddiy texnik yangilanish emas. Bu — inson hayotini asrashga qaratilgan, vaqtni qadrlaydigan, zamon talabiga javob beradigan tizimni barpo etish yo‘lida tashlangan qat’iy qadamdir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri