Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yolgʻon axborotdan xalos boʻlish muammosi tobora dolzarblashmoqda
20:47 / 2019-08-23

Deyarli har soniyada u yoki bu axborotni qabul qilamiz, idrok etamiz yoki uni uzatamiz ham.


Deyarli har soniyada u yoki bu axborotni qabul qilamiz, idrok etamiz yoki uni uzatamiz ham. Bir qarashda bu oddiy va odatiy jarayon, ammo uning murakkab tomoni ham bor. Gap shundaki, axborot oqimini toʻxtatib boʻlmaydi, ayniqsa, axborot texnologiyalari taraqqiy etgan ayni pallada bu deyarli imkonsiz.

Axborotlar koʻpaygani sari uning qay biri rost, qay biri uydirma, qanday maqsadlarga yoʻnaltirilganini farqlash, anglash ham bir qadar mushkul. Shuning uchun keraksiz, ishonchsiz, yolgʻon axborotdan xalos boʻlish muammosi tobora dolzarblashmoqda. Bunday sharoitda eng maqbul yagona yechim – axborot madaniyatiga ega boʻlish.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi tomonidan “Milliy yuksalish gʻoyasini amalga oshirishda axborotlashgan jamiyat va axborot madaniyati” mavzusida tashkil etilgan ochiq muloqotda shu haqda soʻz bordi.

Qayd etilganidek, axborot vositalarining har biri moʻjiza, ularning har biri bilimni oshirish, dunyoqarashni kengaytirishga xizmat qiladi. Shunga qaramay, bugungi kunda internet tarmogʻi orqali noxolis axborotlarning ommaviy tarqalishi shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari uchun qator salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Eng yomoni, bu jarayonda yoshlar ham ana shunday axborotlar isteʼmolchisiga aylanib qolayotir. Ular axborot xuruji taʼsiriga tushib qolmasligiga hech qanday kafolat yoʻq.

– Qonunchiligimizda salbiy axborotni tarqatishga qarshi chora koʻrish borasida muammolar yoʻq emas, lekin taqiqlash bilan hech narsaga erishib boʻlmaydi, – deydi Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov. – Ayniqsa, hozirgi kunda juda katta tezlik bilan aylanayotgan axborot oqimidan uzilib, oʻzimizni bir chetga ololmaymiz. Bugungi dunyo rivoji bunga yoʻl qoʻymaydi ham. Salbiy axborot bilan tanishishmas, uning taʼsiriga tushib qolish xavfli. Axborot madaniyati shuning uchun ham muhim.

Tadbirda milliy yuksalish gʻoyasini amalga oshirishda axborotlashgan jamiyat va axborot madaniyatini shakllantirish borasida partiyaning muhim maqsad-vazifalari yuzasidan oʻzaro fikr almashildi. Bu borada partiya taʼlim va tarbiyani uzluksiz, uygʻun holda rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratishni ilgari surmoqda.

Partiya fraksiyasi aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida“gi, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida“gi, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida“gi, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida“gi, “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida“gi qonunlar ustuvorligini taʼminlash zarurligini qayd etdi. Shuningdek, milliy yuksalish gʻoyasini amalga oshirishda axborotlashgan jamiyat va axborot madaniyatini shakllantirish, milliy axborot makonini yanada barqaror rivojlantirish maqsadida axborot sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha taklif va mulohazalar bildirildi.