Yaqinda Navoiy viloyatidagi “Sho‘rchi” neftni tayyorlash qurilmasida yo‘ldosh neft gazini utilizatsiya qilish loyihasi amalga oshirildi.
Bu haqda Sanoat energetika guruhi bosh direktori To‘lqin Yusupov O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– Mazkur loyihani Sanoat energetika guruhi Shveysariyaning “VEMA Carbon” kompaniyasi bilan hamkorlikda tatbiq etdi.
Yangi infratuzilmaning ishga tushirilishi tufayli kuniga 20 mingdan 25 ming m3 gacha gaz qayta ishlanmoqda. Bu esa korxonaning energiya samaradorligini oshirish va SO₂ chiqindilarini kamaytirish imkonini beradi.
Loyiha doirasida yettita ZWF 0.36/6-0.42 kompressor agregati va bitta Ariel JCG/2 agregatini o‘z ichiga olgan modulli kompressor qurilmasi (MKQ) qurildi. Qayta ishlangan gazni tashish uchun “Oqjar yig‘ish punkti” stansiyasigacha 3 km uzunlikdagi gaz quvuri yotqizildi. Mazkur imkoniyat gazni keyingi qayta ishlash va foydalanish uchun barqaror yetkazib berishni ta’minlaydi.
Loyihalashdan tortib ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlar zamonaviy muhandislik yechimlarini qo‘llagan holda, sanoat va ekologik xavfsizlik standartlariga qat’iy rioya qilib amalga oshirildi. Yangi qurilmaga qariyb 1,5 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritilgan.
Ta’kidlash kerakki, Sanoat energetika guruhining Strategik loyihalar va ilmiy-texnik rivojlanish departamenti loyiha tashabbuskori hisoblanadi. Bu kompaniyaning muhandislik va ishlab chiqarish bo‘linmalari hamda “VEMA Carbon” hamkorlarining birgalikdagi ishi natijasidir. Ular tomonidan uglerod menejmenti va atrof-muhit monitoringi sohasida zamonaviy yechimlar joriy etildi.
Yaqin kelajakda biz konning qo‘shimcha quduqlarini jalb etish orqali kunlik gaz haydash hajmini 50 ming m³ gacha oshirishni rejalashtirganmiz.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.