Ijodkorlarning bir-biriga gazeta-jurnallar, yangi asarlari orqali maktub yozish an’anasi hamon saqlanmoqda.
Ijodkorlarning maktublari zamirida umumbashariyatga xos tuyg‘ular tarannum etishi o‘quvchini mushohadaga chorlaydi. Masalan, Fyodor Dostoyevskiy, Tolstoy, Chexov, Said Ahmad va Saida Zununova kabi ijodkorlarning turli yillarda yozgan maktublari hanuz o‘quvchilar uchun qimmatli.
Bugun go‘yo bu janr eskirgandek tuyulib, ijod ahli «Maktublar» yozishga unchalik e’tibor bermay qo‘ygan bo‘lsada, adabiyot olamida maktub yozish an’anasining o‘ziga xos jihatlari hamon o‘quvchilar uchun qadrli.
Yozuvchi va jurnalist Farmon Toshevning taniqli o‘zbek shoiri Yo‘ldosh Eshbekka yozgan maktubi ana shu unutilayotgan an’anani o‘quvchilarga yana bir bor eslatish bilan birga «MAKTUB»lar janrini davom ettiribdi.
KITOBINGIZNI O‘QIDIM
(Yo‘ldosh Eshbek, «Yig‘layotgan qiz»)
Yo‘ldosh aka!
Avvalo, yangi kitob bilan tabriklayman. Samarqandlik bir o‘quvchingiz, ukangiz bo‘lganim, ijodingizni o‘tgan asrning 80 yillaridan kuzatib kelayotganim uchun qalbingiz va mahoratingizning yangi imkoniyatlarini namoyon etgan yangi kitobdan rosa quvondim. Chunki men satrlarda Miyonkol sha’ni va ilmini diliga jo qilib, Boytub yaylovlari (tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ingiz) kengligini bag‘riga singdirgan, Ergash shoir Jumanbulbul o‘g‘li an’anasini davom ettirib, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi izidan Azim Suyun, Sa’dulla Hakim, Usmon Azim, Xurshid Davron, Shavkat Rahmon kabi iqtidorlar safida o‘zbek she’riyatiga jasorat, shiddat va o‘z ovozi bilan kirib kelgan shoirning bugun ham havas qiladigan salohiyatini ko‘ryapman.
Zero, bu salohiyat yoshi ulg‘ayib, fikri tajribadan teranlashgan ijodkorning umuminsoniy munosabatlarga dunyoviy nuqtai nazardan qaragan xulosalarida olam birligi samimiyatda, sabru qanoatda ekani chiroyli tashbehlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi:
Osmon unda osmondir,
Usiz g‘urbat zindondir,
Xizmat – shukr ehsondir,
Avaylab yurgin doim
(«Otang» she’ridan).
Binobarin, «Yig‘layotgan qiz» she’ringiz garchi anchadan beri tahlil etilgan va yaxshi baho olgan ersada kamina unga quvvayi hofizam darajasida munosabat bildirmoqchiman.
Juda o‘rinli tashbeh topgansiz. Dunyo – yig‘layotgan qiz! Biz esa faqat «Charxi kajraftor», «Biri kam dunyo», «Besh kunlik dunyo», «Bevafo dunyo» kabi ta’riflarga ko‘nikkanmiz.
Darhaqiqat, dunyo butun yaralgan. Butun degani – yaxshi-yomon, do‘stu g‘anim, oqilu nodon baqamti yashaydi. Ularning kurashi hayot deyiladi. Alisher Navoiy «Mehr ko‘p ko‘rguzdim ammo, mehribone topmadim», Zahiriddin Bobur «Kim ko‘ribdur ey ko‘ngil, ahli jahondin yaxshilik» degani fikrimiz isbotidir.
Siz buni o‘ziga xos uslubda ifoda etgansiz: «Dunyo ko‘zlaringdan dunyo alamlar», «So‘zga aylanmagan yonish tomchilar», «Ko‘ksinga chiroyli o‘qlar qadalgan», «Vijdonsiz nomusli niqobin qo‘ymas»...
Garchi «Seni yupatishga jur’at yo‘q menda» desangizda, Siz «yig‘layotgan qiz»ga munosabatingiz orqali odamlarga faqat dunyoni anglashgina insonga yupanch bera olishini ta’kidlaysiz: «Vijdon bu xatodan ulg‘aygan azob», «Aldanmoq – dunyoga nazar, anglamoq».
Dunyoni yomon ko‘rib, undan kechib bo‘lmaydi. Yashashni chidaganga chiqargan. Shu sababli «Men senga talpinib, aslo tolmasman,” «Men seni sevaman, yig‘layotgan qiz» iboralari tushungan, farosatli odamlar uchun bugun ham nihoyatda zarur poetik da’vatdir.
Bugun deganimning boisi shuki, ayrim ijodkorlar o‘z dardini aytib uvvos solishdan, hayotni masxara qilishdan or qilmayapti. Siz esa «yig‘layotgan qiz», ya’ni dunyoga komil nazarda bo‘lishga da’vat etasiz, ayrimlarga o‘xshab qarg‘anmaysiz, jahl qilmaysiz, nolimaysiz. Haqqa, vijdonga sabru qanoatga, yaxshi kunlarga suyanasiz. Chunki shioringiz «Fazolardan baland inson, ham parvosi g‘oyasi balki nurda ko‘rinadir, balki dilda soyasi» («Oy» she’ridan).
Ko‘pni ko‘rgan, ko‘p iztiroblarni boshdan o‘tkazgan va dunyo mohiyatini anglagan inson sifatida «Nafs» sarlavhali she’ringizda:
Nafs zolimdir, hech vaqt yo‘q-borga to‘ymas,
Goho iqror bo‘lar, iqrorga to‘ymas.
U shunday tuproqki, yo‘qdir unumi,
Va hech yomg‘iru hech qorga to‘ymas,
deb eslatib o‘tasiz.
She’riyat aslida ilm. Ammo kamina baytlaringizda ustoz G‘afur G‘ulom she’rlaridagi ilmiy uslubni ko‘ryapman. Falsafiy kategoriya va qonuniyatlar, xalqning nuqtai nazari, ayniqsa qishloq odamlarining qarashlarini har bir satringizdan anglab olish mumkin. Xususan, kitobingizni o‘qigach, ortiqcha ehtiyotkorlik qo‘rqoqlikka yaqinligini, badnafs va tushkun shamolga yo‘rg‘alishini, hayoti komillar shukr aylamasligini («boyliklari yetsa ham gar osmonga, to‘kisdan axtarar nuqs omillar»), inson vijdon oldida muttahamligini, maxluq ulug‘ligi bilan bahaybat emasligini, «Ne kam bo‘lsa shudir armon, insonga»ligini shuurimga singdira oldim.
Yo‘ldosh aka, ilm deganlari faqat kitobdagina emas ekan. Rudakiy hazratlari «Kimda kim hayotdan olmasa ta’lim, Uni o‘rgatolmas hech bir muallim» deganda yuz karra, ming karra haq ekan! Lekin bu hammaning qo‘lidan kelmaydi. Chunki nasihat boru ibrat yo‘q. Otadan ibrat olmaganlar farzandiga ibrat bo‘la olmaydi.
Siz bu borada o‘quvchiga oddiy, lo‘nda ibratni ko‘rsatgansiz:
Guldan
Ziyo taralar,
Avval taralgan ziyoni shimib olgan u.
Nur tomchilar,
Tomchilarning nurini shimib olgan u.
Ko‘rar ko‘zga,
Ochiq quloqqa
Bundan ortiq
Nasihat yo‘q
O‘quvchi she’rni birovning dardini bilish uchun o‘qimaydi. U she’rdan o‘z qalbiga yaqin tuyg‘uni, holatni qidiradi. O‘z dardini shoir tilida sharhlaydi va shundan dili taskin topadi. Chunki u yoki bu shoir holatni ana shu odam izlagan so‘zda ifodalaydi. Hatto «e, bu mening gapim, mening o‘ylaganim shu» deb, muallif o‘rniga o‘z ismini qo‘ygisi keladi. Jumladan men Alisher Navoiy haqidagi «u nurdan nayza otmish tuzatmoq, uyg‘otmoq uchun» degan ta’rifingizni, «kaftingni yopgan bilan yo‘q bo‘lib ketmaydi nur», «tushkunlikka tushsada xo‘blar aslo qo‘ymas umid arqonin», «oy siniqligi uchun ham yorug‘dir», «uyg‘oq yurib uxladim, uxlashim uyg‘oq bo‘ldi» kabi tashbehlaringizdan ayrim xulosalarimni teranlashtirib oldim.
Ustoz, ko‘nglimdagi yana bir gapni aytmasam bo‘lmas.
Ijod ahlining ayrimlari otasidan dakki eshitsa – uyini, oqsoqol bee’tibor bo‘lsa – mahallasini, rahbari jiddiy ogohlantirsa – ishxonasini, hatto jamiyatda o‘rnini topolmasa yoki chindan ham adolatsizlikka duch kelsa – Vatanini tanqid qilishni odat etgan. Men esa…
Sizning Vatanni sevishingizga, ulug‘lashingizga, unga bo‘lgan katta hurmatingizga havas qildim. Vatanni muqaddas deb bilish kishiga doimo kuch-quvvat bag‘ishlashi har bir satringizda sezilib turibdi. Axir mana bu misralarning har biri hadislar misoli ibrat emasmi:
«Ikki tomir bo‘lsa ikki oyog‘im,
Yashnalgan yurt ichra yashil siyog‘im».
«Vatan insonning bir qismidir, bu qism behad ulkan va buyukdir, ya’ni Vatan insonning bepoyon bir bo‘lagidir».
«Ruhlar go‘zal ma’noda bo‘lsin,
Asl Vatan navoda bo‘lsin»
Ustoz, yangi kitobingizni mutolaa qilib «Sog‘inib yashayman»dan «Mangu masofa»gacha bo‘lgan to‘plamlaringizdagi she’rlar yangisida ancha ulg‘ayganini sezdim. Agar bunga Imom G‘azzoliyning «Ey, farzand», Ahmad Lutfiyning «O‘gay ona», «Hazrati Ali», O‘lmas Sulaymonning «Sopol kitob» asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilganingizni ham qo‘shsak, ijodga bag‘ishlagan har kuningiz besamar o‘tmabdi. Bu ibratning o‘zi bir maktab. Ustoz, ushbu bitigimda keltirilgan misollarda garchi Siz kitobingizda ishlatmagan bo‘lsangizda, boshqalarga tushunarli bo‘lishi uchun tinish belgilarini qo‘yib chiqdim. Uzr.
«Bulbul» nomli she’ringizda «Men gulni eritsam qaynoq yosh-la gar, Elni ham uyg‘otgum bir kun muqarrar», degansiz. Ilohim, niyatingizga yeting! Siz bir umr Vatanni ulug‘lab, elni sevib kelayotgan insonsiz va bu ahdingiz ham o‘zingizga, so‘zingizga munosibdir!
Hurmat bilan ukangiz
Farmon TOSHEV