Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tashabbusi bilan tizim tarkibidagi korxona va tashkilotlar ishchi-xodimlarining intellektual bilimini sinovdan o‘tkazish, aqliy salohiyatini mustahkamlash maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazilmoqda.
Navoiy viloyatida o‘tkazilgan intelektual o‘yinda Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi tasarrufidagi muassasa xodimlaridan iborat 11 jamoa ishtirok etdi.

Ishtirokchi jamoalarning har bir a’zosi “Zakovat” intellektual o‘yinida faollik ko‘rsatish orqali o‘zi faoliyat olib borayotgan korxonasi sha’nini himoya qilish bilan bir qatorda tafakkurini ham sinovdan o‘tkazdi. Ishtirokchilar yo‘l qurilishi sohasiga oid normativ hujjatlar, mantiqiy va qiziqarli savollarga javoblar topishdi.
Navoiy muntazam yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi jamoasi 1-o‘rinni, Navbahor tumani yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi jamoasi 2-o‘rinni, Navoiy mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati davlat muassasasi jamoasi 3-o‘rinni egalladi.

Shuningdek, faol ishtirokchilar orasidan “Eng yaxshi soha bilimdoni”, “Eng faol jamoa”, “Eng yaxshi ayol zakovatchi”, “Eng yaxshi erkak zakovatchi”, “Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi” nominatsiyasi g‘oliblari ham aniqlandi.
Barcha g‘olib va sovrindorlar, faol ishtirokchilarga diplom, statuyetka va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.


A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri