Bugun yo‘l yuzida xaridorlarga turli mahsulotlarni taklif qilayotgan sotuvchilarga ko‘zingiz tushadi. Bir qarashda yo‘l-yo‘lakay mahsulotlarni sotib olish qulaydek tuyuladi. Ammo laboratoriya ko‘rigidan o‘tmagan poliz mahsulotlari, uy sharoitida tayyorlangan chanqovbosdi ichimliklarning xavfsizligi qay darajada ta’minlangan? Bu to‘g‘risida ko‘pchilik o‘ylab ham o‘tirmaydi...
Belgilangan qonunchilikka ko‘ra, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolar ham o‘z mahsulotlarning sifatini tasdiqlovchi xulosa bo‘lganidagina sotuvga chiqarishlari mumkin.
Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish agentligi xavfsizligi kafolatlanmagan, iste’molga yaroqsiz mahsulotlar sotilishining oldini olish maqsadida Toshkent shahrini voha viloyatlari bilan bog‘lab turuvchi asosiy avtomagistral va katta yo‘l yoqasida joylashgan savdo shoxobchalarida o‘rganishlar olib bordi.
O‘rganishlar davomida quyosh tig‘ida, sanitariya epidemiologik xulosalari bo‘lmagan qovun-tarvuz va boshqa poliz mahsulotlari sotilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, uy sharoitida tayyorlangan ayron, go‘ja, qumron, o‘rik sharbati va boshqa ichimliklar sotilayotgani aniqlandi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bosh mutaxassisi Umida Mansurovaning so‘zlariga ko‘ra, mahsulotlarni muzlatgichsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh tig‘ida sotilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.Savdo joylari saranjom va foydalaniladigan ashyolar esa ozoda bo‘lishi shart. Iste’molga yaroqsiz va laboratoriya ko‘rigidan o‘tmagan poliz mahsulotlari, uy sharoitida tayyorlangan ayron, go‘jalar inson hayoti hamda salomatligi uchun xavfli hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunining 4-moddasiga muvofiq, iste’molchi tovar haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olishi, tovarni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli hamda xavfsiz bo‘lishini talab qilishga haqli.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi «Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonunining 6-moddasiga muvofiq, oziq-ovqat mahsuloti hamda uni tayyorlashga mo‘ljallangan va foydalanganda oziq-ovqatga tegib turadigan uskunalar oziq-ovqat mahsulotining sifati, xavfsizligiga doir normalar va qoidalar talablariga mosligi baholanganidan hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ishlab chiqarilishi, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi, realizatsiya qilinishi va ishlatilishi mumkin.
Iste’molchilarga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan «Oziq-ovqat mahsulotlariga, ularni ishlab chiqarish vositalariga va xalq iste’moli mollariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi to‘g‘risidagi YO‘RIQNOMA»ga muvofiq, sanitariya-epidemiologik xulosasi bor oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish va iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Sababi, ushbu xulosa olingan mahsulotlar ma’lum texnologik jarayonlarda tayyorlangan va sifati kafolatlangan mahsulot hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA