Haydovchi va piyodalarning xavfsizligini ta’minlashda yo‘l belgilarining ahamiyati katta. Mamlakatimizda yo‘l belgilari va yo‘lga doir qonun-qoidalar borki, unga qat’iy amal qilishni maktabgacha ta’lim muassasasidan boshlab o‘rgatiladi.
Yo‘l tizimida olib borilayotgan islohotlar, ya’ni tizim infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratishdan maqsad fuqarolar hayotini turli xil yo‘l-transport hodisalaridan asrashdan iborat.
Mamlakatimiz rahbarining “2022–2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalarni hayotga tatbiq etish maqsadida avtomobil yo‘llari infratuzilmasi kompleks takomillashtirish, harakatni boshqarish tizimini, jamoat transportini rivojlantirish va raqamlashtirish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Sirdaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi tomonidan 2023 yilda bir qator ishlar amalga oshirildi.
–Yakuniga yetgan 2023 yil davomida mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida yangi yo‘l belgilarini o‘rnatish hamda yaroqsizlarini almashtirish bo‘yicha 2868 ta yo‘l belgisi o‘rnatildi, – deydi viloyat Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Asadulla Asqarov. – Shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalari, xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llaridagi 3194 ta yo‘l belgilaridan 610 tasi yangilandi.
Shuningdek, yangi svetofor ob’ektlarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida 6 ta, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalari, xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarida 24 ta yangi svetoforlar o‘rnatilib, harakat xavfsizligi ta’minlandi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri.