Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘l transport hodisasiga nosoz yo‘llar ham sabab bo‘lmoqda
21:10 / 2022-10-11

Toshkent viloyati hududidagi avtomobil yo‘llarini qurish, ko‘priklarni rekonstruksiya qilish, ichki yo‘llarni mukammal ta’mirlash orqali yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va galdagi vazifalar bilan tanishtirish maqsadida OAVlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi boshlig‘i Furqat Ahmadxonov, “Toshkent viloyati mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati direksiyasi” DUK mutaxassislari hududda amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, viloyatda jami 14 ming 157 kilometr avtomobil yo‘llari mavjud. Shundan umumiy foydalanishdagi qismi 3 ming 955 kilometrni tashkil qiladi. 2022 yilning o‘tgan 9 oyida viloyatda 778,1 milliard so‘m mablag‘ hisobida 755,6 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llari va ichki ko‘chalar ta’mirlangan. Xususan, kapital ta’mirlash bo‘yicha asosiy dastur doirasida avariya holatidagi ko‘priklarni ta’mirlash ishlari bo‘yicha 11 ta ob’ektda ish boshlangan va 33,1 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirilgan.

Hozircha joylardagi 3 ta ko‘prikda ta’mirlash ishlari yakunlandi. Ular orasida anchadan beri Bekobod shahar va tumani, Bo‘ka, Piskent, O‘rta Chirchiq, Oqqo‘rg‘on tumanlari, qolaversa, qo‘shni viloyatlar hamda Tojikistonni Toshkent shahri bilan bog‘lovchi “Qorasuv-Bo‘ka-Bekobod” avtomobil yo‘li yopib qo‘yilgan edi. Mazkur yo‘lning O‘rta Chirchiq tumanidan o‘tuvchi qismidagi (temiryo‘l ustidan o‘tgan) ko‘prik avariya holatida ekani tufayli ta’mirlash uchun yopilgan. Ammo, haligacha boshlanmagan. Mutaxassislar ko‘prikni mazkur holatga oydinlik kiritib, qurilish bo‘yicha loyihalash ishlari ketayotganini aytib o‘tdi.

Matbuot anjumanida ayrim avtomobil yo‘llaridagi nosozliklar tufayli sodir bo‘lgan 853 ta YTHlar va ularning oqibatlariga e’tibor qaratildi. Ma’lum bo‘lishicha, buning oqibatida 200 nafar shaxs halok bo‘lgan, 653 nafar kishi tan jarohati olgan. Boshqarma mas’ullarining fikricha, halokatlarning 97 foizi haydovchilar, 3 foizi yo‘l bilan bog‘liq muammolar sabab sodir bo‘lgan.

Jurnalistlar Nurafshon shahri “Oppoq” MFYdagi 1 kilometr yo‘lni sement-beton qilish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu tajriba ilk bor qilinayotgan bo‘lib, ichki ko‘chalarning 25 yil davomida soz holda bo‘lishiga zamin yaratadi. Bundan tashqari, yo‘l uchun ketadigan xarajatlarni kamaytiradi. Kelgusida bu boradagi ishlar boshqa joylarda ham amalga oshiriladi.

A.Musayev, O‘zA.