Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘l qoidasi – umr foydasi (+video )
12:19 / 2025-10-14

Navoiy viloyati IIB JXX YHXB tomonidan hududda sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat xavfsizligini ta’minlash hamda fuqarolarning harakatlanish madaniyatini oshirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Afsuski, shunga qaramasdan inson omili bilan sodir bo‘layotgan ko‘ngilsizliklar tez-tez uchrab turibdi.

Jumladan, joriy yilning 9 oyi mobaynida Zarafshon shahrida 8 ta yo‘l transport hodisasi sodir etilgan bo‘lib, 1 nafar fuqaro vafot etgan. 7 nafar fuqaro tan jarohati olib, kasalxonalarga yotqizilgan. Avtohalokatlarning asosiy qismi piyoda va velosipedchini urib yuborish hamda to‘qnashuvlarga to‘g‘ri keladi.   

Yuqoridagi kabi salbiy holatlarning barvaqt oldini olish maqsadida shahar ko‘chalari bo‘ylab targ‘ibot avtokarvoni harakatlanib o‘tdi. Fuqarolar gavjum joylar, bozorlar, bekatlarda haydovchilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilmoqda. Tezlik me’yoriy qoidalariga amal qilmaslik, qarama-qarshi harakatlanish, piyodalarga yo‘l bermaslik, e’tiborsizlik va ehtiyotsizlikning ayanchli oqibati falokat bilan tugayotganligi, doim yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish lozimligi uqtirilmoqda.

Targ‘ibot tadbirlari “NKMK” AJ Markaziy kon boshqarmasiga qarashli 9-sonli avtobazada davom ettirildi. Barcha haydovchilar ogohlikka chaqirilib, yangi qabul qilingan normativ huquqiy hujjatlar, xabar va yangiliklar bilan tanishtirildi. Transport vositalarini o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazish, yo‘lovchilarni manzillariga xavfsiz yetkazib borishlari haqida tavsiyalar berildi.

Keyingi yillarda go‘zal qiyofa kasb etayotgan Zarafshon shahrida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, harakat ishtirokchilariga munosib shart-sharoitlar yaratish yuzasidan ham bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

[gallery-25725]

– Harakat ishtirokchilari, piyodalar, velosipedchilarning harakatlanishi uchun munosib shart-sharoit yaratish maqsadida 1,2 kilometrlik piyodalar yo‘lagi, 800 metrlik velosiped yo‘lagi tashkil etildi. Zarur joylarga yo‘l belgilari o‘rnatilib, yo‘l yotiq chiziqlari chizildi, – deydi Zarafshon shahar IIB JXX YHXG katta inspektori G‘olib Qo‘ldoshev. 

– Bolalar va piyodalar ishtirokida sodir bo‘layotgan ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida barcha umumta’lim maktablari oldiga qavariq piyodalar o‘tish joylari tashkil etildi. “Xavfsiz hudud” dasturi doirasida shahar hududidagi 21 ta chorrahada avtomashinalar davlat raqamini hamda odamlarning yuz qiyofasini aniqlovchi kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Bu orqali hududda sodir etiladigan huquqbuzarliklar aniqlanib, harakat xavfsizligi ta’minlanmoqda. 

Albatta, fuqarolarning xavfsiz harakatlanishini tashkil etish, hududda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar e’tirofga loyiq. Ammo bunda barcha birdek mas’uliyatni his etmog‘i, belgilangan tartib-qoidalarga amal qilmog‘i lozim.

– Navoiy viloyati asosan cho‘l hududlardan tashkil topgan bo‘lib, Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlarida bir xil manzarani kasb etuvchi yo‘llardan iborat bo‘lganligi sababli charchoq oqibatida transport vositasini boshqarish natijasida qarama-qarshi tomonga chiqib ketish, uxlab qolish va buning oqibatida ag‘darilib ketish holatidagi yo‘l transport hodisalari sodir etilishi ko‘p kuzatiladi, – deydi viloyat IIB JXX YHXB axborot guruhi katta inspektori Farrux Yakubov. 

– Tahlillardan kelib chiqqan holda bu hududlarda sodir bo‘ladigan yo‘l transport hodisalarining oldini olish, haydovchilarning hushyorligini oshirish maqsadida yo‘llarga shovqin beruvchi maxsus chiziqlar chizildi. Shuningdek, bu hududlarda yo‘llardan tuya, ot, qo‘ylar kabi uy hayvonlari chiqib qolishi oqibatida ham to‘qnashuvlar sodir etiladi. Shu boisdan chorva mollari egalari bilan ham turli targ‘ibot tadbirlari, suhbatlar olib borilmoqda. Haydovchilarning hushyorligini oshirish maqsadida xalqaro ahamiyatga ega A-379 yo‘lining cho‘l hududlariga haydovchilarning tezlikni oshirmaslik, qo‘l telefoniga chalg‘imaslikni targ‘ib qiluvchi banerlar o‘rnatildi. Bundan tashqari, yo‘llarning holati yaxshilandi. Haydovchilarning uzoq masofalardan kelib, charchoq chiqarishlari uchun TIR parklar tashkil qilindi. Ushbu maxsus turargohlarda olis yo‘lga qatnovchi haydovchilar to‘xtab, uxlab, dam olishi va yo‘lda davom etishi mumkin. 

Bugungi kunda ham voyaga yetmaganlar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish dolzarbligicha qolmoqda. Vaholanki, bunda ularning aybi yo‘q. Aslida biz kattalarning e’tiborsizligimiz-u, o‘z vaqtida ularga qoidalarga amal qilishni o‘rgatmayotganligimiz oqibati bu.

 Zarafshon shahridagi 8-umumta’lim maktabida 1000 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil oladi. Targ‘ibot inspektorlari ta’lim muassasasida bo‘lib, dastlab yuqori sinf o‘quvchilari bilan uchrashdi. Yig‘ilganlarga piyodalar ishtirokidagi avtohalokatlarning oldini olishga qaratilgan video rolik namoyish etilib, ular amal qilishi kerak bo‘lgan muhim qoidalar tushuntirildi. Piyoda va velosipedchining majburiyatlari aytilib, qoidalarga jiddiy ahamiyat qaratish, mototransport va avtomashina boshqarish yoshiga yetmay, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmay turib boshqaruvga o‘tirmaslik ta’kidlandi. 

– Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish haqiqatda ham umr foydasiga xizmat qiladi. Unga amal qilish esa yoshu kattaning burchi hisoblanadi, – deydi maktab direktori Asolat Iskandarova. – Maktabimizda ichki ishlar bo‘limi yo‘l harakati xavfsizligi guruhi xodimlari bilan hamkorlikda ish olib boramiz. 2023 yilda maktabimizda yo‘l harakati xonasi tashkil etildi. Ushbu xonada o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirokida targ‘ibot tadbirlari, targ‘ibot darslarini o‘tkazamiz. Aslida yoshlarga yo‘l madaniyatini o‘rgatish, yo‘l harakati qoidalarini yoshlikdan singdirib borish biz kattalarning burchi hisoblanadi. O‘ylaymanki, olib borilayotgan targ‘ibot va tushuntirishlar, o‘tilayotgan darslar natijasida yo‘l transport hodisalari kamayadi.   

Maktabda tashkil etilgan yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish sinf xonasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan davom ettirilgan targ‘ibot tadbirlari davomida bolalarga ayrim yo‘l belgilari, svetofor turlari hamda yo‘lni kesib o‘tish tartibi yana bir bor o‘rgatildi. Velosipedni avtomobil yo‘llarida 14 yoshga to‘lmasdan turib boshqarmaslik, uni jihozlashda ahamiyat qaratish lozim bo‘lgan jihatlar haqida ma’lumotlar berildi. 

Tomdi tumanidagi 15-umumta’lim maktabida ham “Yo‘l harakati qoidalarini o‘rganish bolalikdan boshlanadi” shiori ostida profilaktik suhbat o‘tkazildi.

Unda amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari” tushuntirilib, yo‘llarda xavfsiz harakatlanishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlarga alohida urg‘u berildi. Yo‘lning qatnov qismidan kesib o‘tishda piyodalarning majburiyatlarini yodda tutish, svetoforning taqiqlovchi chirog‘ida harakatlanish bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uqtirildi.

Shuningdek, skuter, moped, mototsiklni boshqarish uchun qo‘yilgan talablar to‘liq yetkazilib, o‘zboshimchalik bilan mazkur turdagi transport vositalarini boshqarmaslik tushuntirildi. Tuman hududining o‘ziga xos geografik sharoitidan kelib chiqqan holda harakatlanish, piyoda va yo‘lovchilar amal qilishi kerak bo‘lgan shartlar sanab o‘tildi.

Albatta, yo‘llarda doimo sergak bo‘lish, o‘yinqaroqlik qilmaslik, harakatlanib kelayotgan transport vositasi tezligi va masofasini inobatga olish maqsadga muvofiqligini esdan chiqarmaslik lozim. Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish esa foydadan holi bo‘lmaydi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ouXnRqYt2jA" title="Yo‘l qoidasi – umr foydasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat,+video), O‘zA