Harakat xavfsizligini ta’minlash va yo‘l transport hodisalari oldini olish maqsadida Buxoro shahar hududida intellektual kameralar o‘rnatilgan. Kameralarning 54 tasi bevosita tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘rnatilgan bo‘lib, bugungi kunda shahar ichidagi chorrahalarda harakat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Video qayd etish kameralari o‘rnatilmagan chorrahalarda ham ularni o‘rnatish ishlari boshlandi.
– Harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l transport hodisalarini oldini olish maqsadida Buxoro shahrining 15 ta chorrahalarida bugungi kunda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan jami 54 ta yo‘l harakati qoida buzishlarni aniqlovchi kameralar o‘rnatilgan, – deydi Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i, kapitan Ulug‘bek Shukurlayev. – Bundan tashqari, viloyatning xalqaro va davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llariga jami 43 ta tezlikni o‘lchovchi fotoradar komplekslari ham mavjud. Shuningdek, bugungi kunda Buxoro shahrining Karvon bozori chorrahasida o‘rnatilgan video kameralar ham yo‘l harakati qoida buzilish holatlarini aniqlashni boshladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad kimnidir jarimaga tortish emas, aksincha yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash va eng asosiysi sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarni, yo‘l transport hodisalari oldini olishga qaratilgan.
Shuni ta’kidlash joizki, mazkur intellektual kameralar 6 xil turdagi qoida buzarliklarni aniqlaydi. Jumladan, transport vositasini tezlik me’yorlarini oshirish, svetafor chiroqlariga amal qilmaslik, chorrahaning 5.33 to‘xtash chizig‘iga amal qilmaslik, belgilanmagan joydan hamda chapga qaytib olish ta’qiqlangan joydan qayrilib olish, piyodaga yo‘l bermaslik bilan bog‘liq qoida buzarliklarni qayd etib boradi.
Shuningdek, intellektual kameralarni qayta dasturlash yo‘li bilan ushbu qurilmalarga qo‘shimcha vazifa va funksiyalarni kiritish ham mumkin. Jumladan, xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik, harakat davomida qo‘l telefonidan foydalanish, transport vositasi davlat belgi raqamini aniqlash va haydovchining yuz tuzilishidan uning shaxsiga oydinlik kiritish mumkin.
Shunlay ekan, haydovchilar endilikda yo‘llarda yanada hushyor bo‘lishlari, amaldagi yo‘l harakati qoidalarini buzishdan saqlanishlari kerak bo‘ladi. Bu nafaqat ularning xavfsizligi, balki boshqa harakat ishtirokchilari uchun ham muhimdir. Qolaversa, oilangiz byudjetiga ortiqcha chiqim bo‘lishini istamasangiz yo‘llarda qoidalarga to‘liq amal qiling.
Zarif Komilov, O‘zA