Vazirlar Mahkamasi “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida” qaror qabul qildi.
Nizomdagi bu o‘zgarishlar YPX xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bahsli va ziddiyatli holatlarga barham beradi.
YPX xodimlari nazorat uchun maxsus moslamalardan foydalanadi. Moslamalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tgan bo‘lishi lozim.
Shuningdek, qoidabuzarliklarning oldini olish uchun YPX xodimi patrul avtomobili, maxsus moslamalarni imitatsiya qiluvchi qurilmalar (maketlar, manekenlar) yordamidan ham foydalanishi mumkin.
Tekshirish jarayonida ruxsat etilmagan, sertifikatga ega bo‘lmagan, sertifikatning amal qilish muddati tugagan yoki belgilangan tartibda ichki ishlar organlari hisobida mavjud bo‘lmagan maxsus moslamalardan foydalanish taqiqlanadi.
Haydovchi maxsus moslama qayd etgan ko‘rsatkichdan norozi bo‘lgan taqdirda, holat tegishli ravishda xolislar ishtirokida rasmiylashtiriladi.
Ko‘chma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanganda, YPX xodimi moslama ko‘satkichlari bilan qoida buzgan haydovchini tanishtirishi, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni ko‘rsatishi lozim.
YPX xodimlarining patrul avtomobillarida foydalanish belgilab qo‘yilgan tezlikni o‘lchash moslamalarini o‘zboshimchalik bilan yechib olishi va xizmatga aloqasi bo‘lmagan shaxslarning (jismoniy yoki yuridik) transport vositalariga o‘rnatishi hamda xizmatni o‘tashga aloqador bo‘lmagan fuqarolarni jalb qilish qat’iyan taqiqlanadi.
Mazkur talabga rioya etilmagan holda rasmiylashtirilgan bayonnomalar yuridik kuchga ega bo‘lmaydi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.
Alkogolli ichimliklar ta’siridan mast holatda ekanligini aniqlash YPX xodimi tomonidan maxsus moslama (alkotester) yordamida qoidabuzarlik yuz bergan joyning o‘zida amalga oshirilishi mumkin. Tekshiruv oldidan YPX xodimi haydovchini maxsus moslamaning ishlash tartibi bilan tanishtiradi, uning talabiga asosan moslamaning sertifikatini ko‘rsatadi. Tekshiruv kamida ikki nafar xolis ishtirokida amalga oshirilishi shart.
O‘zA