Avvallari bir umr avtomashina orzumandi bo‘lib o‘tganlarni bilamiz. Bugun esa qariyb har bir oilada avtomashina bor. Demak, zamon o‘zgardi, hayotimiz yaxshilandi. Biroq, shaxsiy avtomashinasi orqasidan odamlarga, jamiyatga zarar yetkazuvchilar ham bor.
So‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalari orqali tarqalayotgan xabarlarda ayrim shaxslar to‘qlikka sho‘xlik qilib, yo‘llarda surbetlarcha bezorilik xatti-harakatlarini sodir etayotganligini ko‘rayapmiz.
Ko‘pchiligimiz nuroniylar, otaxonu onaxonlar davralarida “katta-kichik avtomobil yo‘llarida ayrim shaxslarning avtomashinani juda katta tezlikda boshqarayotgani, boshqa yo‘lovchilarning hayotiga xavf solib ilon izi shaklida quvib o‘tishlari, keraksiz joylarda ham noo‘rin uzluksiz signal berib, boshqalarning asabiga tegishlari, ayniqsa, mashina derazasidan haqoratlashlari, hatto ko‘ziga yomon ko‘ringan kishining avtomashinasini qisib to‘xtatib urib-do‘ppaslashlari” haqidagi suhbatlariga guvoh bo‘lamiz. Ayrimlari haqida ommaviy axborot vositalari orqali eshitib, afsuslanamiz.

Mayli, zamon o‘zgarsin, xalqimiz boyib, taraqqiyotimiz bardavom bo‘laversin. Ammo, to‘qlikka sho‘xlik ham evi bilan bo‘lsin. Amir Temur bobomizning “Qayerda qonun ustuvor bo‘lsa, o‘sha yerda adolat bo‘ladi” degan fikrlarini unutmaylik.
Axir yo‘l muqaddas, u bilan o‘yin qilib bo‘lmaydi. Kimki yo‘lga nisbatan behurmatlik ko‘rsatsa, erta yo kech javobini oladi. Hadislardan birida “Ko‘chadan aziyat beradigan narsalarni olib tashlashlik ham iymonning bir shoxchasidir”, deb bejizga aytilmagan.
Xullas, yo‘l bezoriligi jamiyatimizda tez-tez uchramoqda va buning oqibati odamlarga va albatta jamiyatga zarar yetkazmoqda. Yo‘l bezoriligi uchun jazo nazarda tutilmaganligi bois, bunday jinoyatlarga qarshi kurashish tegishli davlat organlari uchun qiyinchiliklar tug‘dirayotganligi ham sir emas. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasida transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish uchun jazo belgilangan. Va yana shuni ham ta’kidlash joizki, bu jinoyat, jinoyat qonunchiligida ehtiyotsizlik oqibatida (o‘z-o‘ziga ishonish va jinoiy beparvolik alomatlari bilan) sodir etiladigan jinoyatlar turkumiga kiritilgan.
Yo‘l bezorilari esa, transport vositasidan foydalangan holda jamiyat uchun xavf tug‘diradigan xatti-harakatlarni qasddan sodir etadi. Shu sababli ham bunday jinoyatlar jazosiz qolib ketishiga va bu turdagi jinoyatlarning quloch yoyishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shu nuqtai nazardan, keng jamoatchilikning fikriga tayangan holda bu kabi ijtimoiy xavfli qilmishlar uchun jazo muqarrarligini ta’minlash zarur.
Yuqoridagilarga asosan, o‘z hayotiy tajribamdan kelib chiqib, yuksak ma’naviyat va axloq asosida rivojlanayotgan jamiyat qurayotganimizni nazarda tutib, yo‘llarda va transport vositalarida axloqiy inqirozning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga quyidagi mazmunda yangi modda kiritishni taklif etaman.
2661-modda. Yo‘l bezoriligi
Yo‘l bezoriligi, ya’ni barcha turdagi yo‘llarda transport vositalarini boshqarish qoidalarini qasddan mensimaslik, jumladan, transport vositasini belgilangan tezlikdan ikki baravar ortiq tezlikda boshqarish, ilon izi holatida boshqarish, transport vositasi ovozini o‘zgartirish yoki mediaqurilma ovozini belgilangan me’yordan ikki baravar qo‘tarish, uzluksiz yoki tungi vaqtlarda noo‘rin signal berish, yengil mashinaning ustki qismidan tanasining bir qismini chiqarish, boshqa transport vositalarini qisish yoki qasddan yo‘l bermaslik, shuningdek, transport boshqaruvchisi yoki yo‘lovchini qasddan urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki o‘zganing mulkiga qasddan shikast yetkazish yoxud nobud qilish ancha zarar yetkazish bilan bog‘liq holda sodir etilsa,
– bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Yo‘l bezoriligi:
a) bir guruh shaxslar tomonidan;
b) badanga qasddan o‘rtacha og‘ir shikast yetkazib:
v) sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab;
g) o‘z mazmuniga ko‘ra umume’tirof etgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi o‘taketgan behayolik bilan;
d) yosh bola, qariya, nogironligi bo‘lgan shaxs yoki ojiz ahvoldagi shaxslarni xo‘rlab;
ye) ko‘p miqdorda zarar yetkazib, birovning mulkini nobud qilib yoki unga shikast yetkazib sodir etilgan bo‘lsa,
– uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yo‘l bezoriligi:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) o‘qotar qurolni namoyish qilib, uni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoki qo‘llab;
v) ommaviy tadbirlar, to‘y va boshqa marosimlar o‘tkazilayotgan vaqtda;
g) yo‘l harakatini tartibga solish vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud yo‘l bezoriligi harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bo‘lsa,
– uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Zero, umuminsoniy axloq me’yorlariga zid xatti-harakatlar ijtimoiy xavfli bo‘lib, ularni jazosiz qoldirmaslik xalq farovonligining muhim shartidir.
Abdukamol RAHMONOV
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi.
O‘zA