Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘l infratuzilmasi yaxshilanmoqda
11:41 / 2026-02-16

Bugungi kunda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat yo‘llarning sifati va xavfsizligini ta’minlash, balki mahallalar va tumanlar o‘rtasidagi transport aloqasini yaxshilash, iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirish hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Navoiy viloyatida yo‘llarni rekonstruksiya qilish va yangidan qurish ishlari mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, sanoat va agrosanoat komplekslari bilan uzviy bog‘lanishni ta’minlashga ham xizmat qilyapti.

Amalga oshirilayotgan ishlar davlat dasturlari va investitsiya loyihalari bilan muvofiqlashtirilgan bo‘lib, 2026-yilda ham keng ko‘lamda davom ettirilishi rejalashtirilgan.

– Investitsiya dasturi doirasida Xatirchi tumani hududidan o‘tgan D075 “Oqtosh – Yangiobod – Langar – Chuya” avtomobil yo‘lining 11-16 kilometr orasidagi 2 km qismi to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshiriladi, – deydi viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bosh muhandisi Ulug‘bek Rahmatov. – Shuningdek, joriy yilda Karmana tumani hududidan o‘tgan D190 yo‘lida “Toshkent – Buxoro” temir yo‘li ustidan yangi yo‘l o‘tkazgich qurish ishlari amalga oshiriladi.

Zarafshon shahrida A379 “Navoiy – Uchquduq” yo‘nalishining 198-kilometridan shaharga kiruvchi 3,1 km avtomobil yo‘li hamda “Yangi O‘zbekiston” massividagi kichik tumanlarda yangi yo‘llar barpo etiladi. Shu bilan birga, Karmana tumanidagi “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududida maxsus sanoat parkiga olib boruvchi 2 km yo‘l qurilishining birinchi bosqichi amalga oshiriladi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash dasturi doirasida Qiziltepa tumanida D197 va 4R183 yo‘llarining 16 kilometr qismida qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladi. Nurota tumanida esa D074 avtomobil yo‘lining 120 kilometrida yangilash ishlari amalga oshirilib, shoxobcha yo‘llar va ko‘priklar ham tiklanadi.

Xatirchi tumanining Zarafshon qishlog‘ida uzunligi 127 metr bo‘lgan ko‘prik rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshiriladi. Navoiy shahri bosh rejasiga muvofiq 4K364 va 4R64 yo‘llari, shuningdek, mahallalarni bog‘lovchi 3,5 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li barpo etiladi.

2025-yilga mo‘ljallangan loyihalar doirasida Zarafshon shahridagi “Istiqlol” MFY hududida 10 gektar maydonda tashkil etilgan kichik va yoshlar sanoat zonasida 3,5 kilometr yo‘lga asfalt yotqiziladi. Shuningdek, Qiziltepa tumanidagi “Iftixor” MFY hududida 30 gektar maydonda “Chorvachilik mikromarkazi”ni tashkil etish uchun 2 kilometrlik yo‘l barpo etiladi.

Navoiy shahar markazidagi 25 km ichki xo‘jalik yo‘llari ham ta’mirlanib, aholi uchun qulay harakatlanish sharoiti yaratiladi. Bundan tashqari, “Tashabbusli byudjet” va mahalliy byudjetning qoldiq mablag‘lari hisobidan tuproq yo‘llarni shag‘allashtirish ishlari ham amalga oshiriladi.

Yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish orqali xavfsizlik standartlari kuchaytirilmoqda. Yangi yo‘llar va ko‘priklar transport oqimini tezlashtirib, yo‘l-transport hodisalarining kamayishiga xizmat qiladi. Bu ishlar nafaqat transport infratuzilmasini yaxshilash, balki mintaqaning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va aholi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri