Iqtisodiy taraqqiyot, aholi farovonligi va hududlar o‘rtasidagi barqaror aloqalar avvalo yo‘l infratuzilmasining holatiga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, Oqoltin tumanida 2025 yil davomida amalga oshirilgan yo‘l xo‘jaligi ishlari nafaqat texnik vazifalar ijrosi, balki iqtisodiy va ijtimoiy hayotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim qadamlar sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Oqoltin tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi tomonidan yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, mavjud avtomobil yo‘llarini saqlash va ta’mirlash hamda harakat xavfsizligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirildi.
– Hozirda korxona tasarrufida jami 118 kilometr umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari mavjud bo‘lib, ularning 41 kilometri xalqaro, 46 kilometri davlat va 31 kilometri mahalliy ahamiyatdagi yo‘llardan tashkil topgan. Yo‘l qoplamalari turiga ko‘ra: 91,5 kilometr asfaltbeton, 5,5 kilometr sementbeton va 19 kilometr qora qoplamali yo‘llar hisoblanadi. Texnik toifalar kesimida esa 41 kilometrlik I-toifali, 1 kilometrlik II-toifali, 49 kilometrlik III-toifali, 4 kilometrlik IV-toifali va 23 kilometrlik V-toifali yo‘llar mavjud, – deydi tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi rahbari Ramazon Xudoyqulov.

Korxonada 86 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritib, yo‘llarni doimiy saqlash, joriy va kapital ta’mirlash hamda qishki qarov ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirmoqda. Shuningdek, 44 ta ko‘prikka xizmat ko‘rsatilib, ularning umumiy uzunligi 877,3 pogon metrni tashkil etadi.
2025 yilda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun moliyaviy jihatdan ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Yo‘llarni saqlashga 5 milliard 775 million so‘m, ta’mirlash ishlariga 3 milliard 455 million so‘m va qishki qarov ishlariga 875 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, Prezidentning 2025 yil 6 martdagi qarori asosida ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun 5 milliard 416 million so‘m, tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun esa 21 milliard 209 million so‘m sarflandi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida D-041 avtomobil yo‘lining 5 kilometri va 20V-025 yo‘lining 6 kilometri to‘liq ta’mirlandi. M-39 xalqaro yo‘lining 0,5 kilometri ta’mirlanib, harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 2 ta elektron tablo va 16 ta yoritish chirog‘i o‘rnatildi.

– Piyodalar xavfsizligiga ham alohida e’tibor qaratyapmiz, – deydi Ramazon Xudoyqulov. – A-373a yo‘lida 1 kilometr masofada temir panjara va 4 ta yoritish chirog‘i o‘rnatildi. Shu yo‘nalishda 124+500 va 128+950 kilometrida ko‘priklarni aylanib o‘tish yo‘llari qurildi hamda 1 kilometr avtomobil yo‘li ta’mirlandi. D-047 avtomobil yo‘lida esa 1 ta svetofor o‘rnatilib, 1,5 kilometri yo‘l to‘liq ta’mirdan chiqarildi.
Bundan tashqari, korxonaning ma’muriy boshqaruv binosi hamda yo‘l bo‘limlari binolarida ta’mirlash ishlari olib borildi. Ichki xo‘jalik yo‘llarining 11 kilometri to‘liq ta’mirlanib, qishloqlar va ishlab chiqarish ob’ektlari o‘rtasidagi transport aloqalari yanada samarali bo‘ldi.
Mahalla faollari ham amalga oshirilgan islohotlar ahamiyatini e’tirof etmoqda.

– Muhtaram Prezidentimizning xalqning farovonligi va ijtimoiy holatini yaxshilash maqsadida olib borayotgan izchil sa’y-harakatlari natijasida, bizni ko‘pdan buyon qiynab kelayotgan muammolardan biri — Oqoltin tumanining bir qator mahallalarni qo‘shni Sardoba tumani, Jizzax viloyati va Zomin tumani bilan bog‘laydigan 8 kilometrlik yo‘l ochildi. Bundan nafaqat men, balki aholimiz ham xursand, xalqning muammosi hal bo‘ldi. Endi borib kelish osonlashdi, qishda qirovli kunlarda loy va balchiqqa botmaydigan bo‘ldik. Buning bari islohotlar natijasidir, – deydi mahalla faoli Abdug‘affor Xo‘jaqulov.
– Bir so‘z bilan aytganda, yo‘l xo‘jaligi faqat asfalt yotqizishdan iborat emas, balki xavfsiz harakat, iqtisodiy faollik, aholi turmush sifati va hududlarning barqaror rivojlanishini ta’minlaydi.
Oqoltin tumanida yo‘l infratuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan izchil ishlar iqtisodiyot “qon tomiri”ning barqaror ishlashini ta’minlaydi, – deya xulosa qiladi Ramazon Xudoyqulov.

G‘ulom Primov (video), O‘zA muxbiri