Jizzax viloyatida bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida keng qamrovli targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu borada IIB YHXB xodimlari tomonidan maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tizimli ravishda uchrashuvlar, mashg‘ulotlar va o‘quv-seminarlar o‘tkazilib, yosh avlodga yo‘l harakati qoidalarini amaliy usulda o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Joriy yilning o‘tgan 11 oyida umumta’lim maktablarida 850 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa 565 dan ziyod ochiq mashg‘ulotlar tashkil etildi, – deydi Jizzax viloyati IIB JXX YHXB Axborot guruhi inspektori Sabohat Davlatova. – Ular orqali bolalarga piyoda yo‘lidan to‘g‘ri foydalanish, svetofor signallarini tanigan holda yo‘lni xavfsiz kesib o‘tish, velosiped va elektr vositalarini boshqarishdagi oddiy, ammo juda muhim talablar tushuntirildi.

Jizzax shahridagi 7-umumta’lim maktabda o‘tkazilgan “Yo‘l harakati intizomi bolalikdan boshlanadi” tadbiri shular jumlasidandir.
YHXB xodimlari o‘quvchilarga qoidalarni qiziqarli savol-javoblar, viktorinalar va amaliy mashqlar orqali tushuntirishdi. Dars jarayonida nafaqat bolalar, balki o‘qituvchilar ham faol ishtirok etishdi. Ularning o‘zlari ham o‘quvchilarni yo‘lni xavfsiz kesib o‘tishda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi, shu bilan birga ota-onalarga ham maslahat berib borishi zarurligi qayd etildi.

36-sonli DMTT da o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotda esa bolalar “piyoda yo‘li”, “svetofor”, “yo‘l belgisi” kabi maketlar bilan ishlab ko‘rishdi, xavfli vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini amalda sinashdi.
Darhaqiqat, yo‘l harakati madaniyati avvalo kattalar namunasidan boshlanadi. Agar ota-ona, muallim va jamoat vakillari qoidalarga amal qilsa, bolalar ham buni o‘z hayotining ajralmas qismi sifatida qabul qiladi. “Yo‘l qoidasi — umr foydasi” degan hikmat zamirida ham shu haqiqat yotadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA