Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari o‘z vakolatidan yetarli darajada foydalanmayotgani tanqid qilindi
17:46 / 2025-05-22

Joriy yilning 4 oyida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari har 100 ming aholiga Farg‘ona viloyatida 8,4 taga, Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida 8,2 taga, Qoraqalpog‘istonda 6,4 taga, Samarqand va Namangan viloyatlarida 5,8 taga yetgan.

O‘limga olib kelgan yo‘l-transport hodisalarining salmog‘i Samarqand viloyatida 67, Toshkent viloyatida 58,  Qashqadaryo viloyatida 55 va Farg‘ona viloyatida 49 tani tashkil etib, hamon yuqoriligicha qolmoqda.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan qonunbuzarliklar yuzasidan davlat organlariga yoki boshqa tashkilotlarga ularning mansabdor shaxslari bajarishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolatidan yetarli darajada foydalanilmayapti.

Ayniqsa, bu borada Farg‘ona, Navoiy, Sirdaryo viloyatlarida samaradorlik pastligicha qolmoqda.

Bu ko‘rsatkichlar Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida keltirildi. 

Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ta’minlash va o‘lim holatlarini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Transport, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari hamda Bosh prokuratura mas’ul rahbar xodimlarining axborotlari eshitildi. 

Qayd etilganidek, avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash maqsadida ilg‘or xorijiy tajriba asosida Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar takomillashtirilgan. 

Davlatimiz rahbarining “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “2022 - 2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari asosida yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu ishlar natijasida joriy yilning 4 oyida og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilga nisbatan 17,7 foizga, bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari 10 foizga, mast holda yo‘l-transport hodisalarini sodir etish holatlari 33,3 foizga kamayishiga erishilgan.

Shu bilan birga, qayd etilgan yo‘nalishda muayyan kamchiliklar, o‘z yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjud. 

Xususan, prokuratura organlari tomonidan tegishli qonun hujjatlari ijrosini o‘rganish jarayonida ko‘plab qonunbuzarliklar aniqlangan. 2024 yil va joriy yilning 4 oyi davomida aniqlangan 2 ming 908 qonunbuzarlik holati yuzasidan 177 taqdimnoma, 1 ming 82 protest kiritilgan, 7 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Muhokamadan so‘ng qo‘mitaning ushbu kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan aniq takliflar aks etgan qarori qabul qilindi. Jumladan, o‘limga olib kelgan yo‘l-transport hodisalarining salmog‘i ortib borayotgan hududlarda vaziyatni yaxshilash, yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tish holatlarini kamaytirish maqsadida amaldagi davlat standartlarini xalqaro talablar asosida qaytadan ko‘rib chiqish, ichki nazoratni kuchaytirgan holda yo‘l harakati xavfsizligi sohasi xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzarliklarning tub sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish kabi vazifalar belgilandi.

Norgul Abduraimova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA