Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘l harakati xavfsizligi talab darajasidami?
16:32 / 2023-07-22

Namanganda Respublika Ishchi guruhi tomonidan yo‘l harakati xavfsizligiga oid chora-tadbirlarni hududlardagi ijrosi bo‘yicha o‘rganishlari yakuniga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Respublika Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i, polkovnik Olim Saidov bir hafta davomida Namangan viloyatining shahar va tumanlarida olib borilgan o‘rganish yuzasidan axborot berdi. Yo‘llarimizda fuqarolar hayoti va sog‘ligini ta’minlash bo‘yicha “Xavfsiz va ravon yo‘l” tamoyili asosida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan muhim vazifalarga e’tibor qaratdi.  

Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz raisligida 2022 yil 11 fevral kuni yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlash borasida bir qator zarur chora-tadbirlar ko‘rildi. Fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, yo‘llarda harakatni tartibga solishga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilindi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2022 yil 12 iyuldagi qarori bilan 2022-2026 yillar davomida respublika hududida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi qabul qilindi.

Taassufki, ko‘rilayotgan zarur choralarga qaramasdan yo‘l transport hodisalari (YTH) kamaygani yo‘q. Buni joriy yilning o‘tgan olti oyi mobaynida yuz bergan “avariya”lar 5,2 foizga ortganida ham ko‘rish mumkin. Avtotransport bilan bog‘liq halokatlar sonining ma’lum bir qismi Namangan hududiga to‘g‘ri kelishi, ya’ni 386 ta YTH oqibatida 61 kishining halok bo‘lgani va 393 nafar fuqaroning turli darajada tan jarohatlariga uchragani viloyatda “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi ijrosini ta’minlash borasida hali ko‘p ishlar qilinishi kerakligini ko‘rsatmoqda.  

Masalan, yo‘l transport hodisalarining aksariyati vodiy viloyatlarini poytaxtimiz bilan bog‘lovchi katta magistral yo‘l – “A-373” Kamchiq dovoni qismida yuz bermoqda. Qolaversa, YTH oqibatida tez yordamga bo‘lgan 3 ming 566 ta murojaatning har uchdan bir qismi ayni shu yo‘l bilan bog‘liq kelib tushgani tashvishlanarli holat. Viloyat markazi – Namangan shahrining muhim katta yo‘l qismlaridan sanalgan “Sardoba” hamda Lola – “Jahon bozori” yo‘llarida harakat xavfsizligini bir maromda tartibga keltirish maqsadida yer osti yo‘l o‘tkazgichlarini barpo etishga hali hanuzgacha kirishilmagan. Shahardagi 14 ta avtobus bekatida real vaqt rejimini ko‘rsatuvchi monitorlar o‘rnatilmagan. Namangan shahri, Davlatobod, Yangi Namangan va Pop tumanlaridagi qator umumta’lim maktablari oldida harakat tezligini cheklovchi yo‘l belgilari qo‘yilmagan. Bundan tashqari, Chust, Yangiqo‘rg‘on, To‘raqo‘rg‘on, Chortoq va Pop tumanlaridadagi markaziy dehqon bozori atrofida asosiy yo‘llarda qatnov tartibga keltirilmagan. Darvoqe, viloyatda ommaviy kasb xodimlari, ya’ni avtomobil boshqarish huquqini beruvchi guvohnomalarga o‘qituvchi ta’lim muassalarida o‘qitish sifati talab darajasida emas. O‘tkazilgan imtihonlarning ilk bosqichidayoq 34 mingdan ortiq o‘rganuvchidan 20 mingdan ziyodi sinovdan o‘ta olmagani buning yorqin isbotidir.

Yig‘ilishda tizimda “Xavfsiz yo‘l indeksi” bo‘yicha shahar va tumanlar sektor rahbarlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar baholanib, kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida talab etiladigan vazifalarni tezkor bajarilishi bo‘yicha topshiriqlar berildi. Muhokama yakunida so‘zga chiqqan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirish, transport oqimini tartibga solish, jamoat transportini yo‘lga qo‘yish va aholining turmush tarzini yaxshilash hamda qator qulayliklarni yaratish uchun barcha choralarni ko‘rish, har hafta yakuni bo‘yicha nazorat olib borilishini bildirdi.

Yig‘ilish yakunida viloyat, shahar va tumanlar sektor rahbarlari hamda soha mas’ullari birgalikda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga birdek mas’ul ekani qayd etildi.

 

Oqilxon Dadaboyev,  

O‘zA