Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘l harakati xavfsizligi: deputatlar oldida turgan vazifalar muhokama qilindi
18:19 / 2025-07-14

Ma’lumki, 9 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Yig‘ilishda sohadagi ishlar sarhisob qilinib, kamchilik va muammolar aytib o‘tildi, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Bugun parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida qonun loyihalari muhokamasidan avval mazkur videoselektor yig‘ilishidagi taklif va tashabbuslarning ahamiyati, deputatlar oldida turgan vazifalar xususida so‘z yuritildi.

Fraksiyalar yig‘ilishlarida qayd etilganidek, so‘nggi yillarda yo‘l qurilishi va ta’mirlashga 61 trillion so‘m ajratilgan. Bu 2017 yilgacha berilgan mablag‘lardan 3,5 barobar ko‘p, degani. 

Videoselektor yig‘ilishida “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturini joriy qilish borasidagi vazifalar belgilab berildi. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil qilinib, ushbu jamg‘arma to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukumat qaramog‘iga o‘tishi va har bir viloyatda filiallari faoliyat yuritishi aytib o‘tildi. 

Ta’kidlanganidek, jamg‘armaga 2025 yilda 400 milliard so‘m tushishi kutilmoqda. Bundan tashqari, foto va video radarlar orqali tushadigan jarimalarning 25 foizi ham ushbu jamg‘armaga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar birinchi navbatda avariya o‘choqlari bo‘lgan xavfli nuqtalarni tartibga solishga sarflanishi eng muhim jihatlardandir. Yo‘l ajratuvchi to‘siqlar, piyoda yo‘laklari, yoritgichlar, svetofor va belgilar o‘rnatish ustuvor vazifa bo‘ladi. 

Muhokamalar davomida xalq vakillari “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi yo‘llarimizni obod qilish bilan bir qatorda, piyodalarning xavfsizligi uchun ham muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar. 

Shuningdek, mazkur sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirilganiga e’tibor qaratilib, bu borada deputatlar zimmasiga mas’uliyatli vazifalar yuklanishi aytib o‘tildi. 

M.Komilova, O‘zA