Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq targ‘ibot ishlari muhokama etildi
18:53 / 2022-01-07

Nurafshon shahrida "Yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda jamoatchilik fikri va ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik" mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Toshkent viloyati IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda asosiy e’tibor joylardagi avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlash, haydovchilar va piyodalarning belgilangan qoidalarga amal qilishini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarning natijalariga qaratildi. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va keng jamoatchilikka tizimda amalga oshirilayotgan axborotlar, tezkor xabarlarni yetkazish lozimligi alohida ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, deyarli har kuni yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lishi tufayli haydovchi va piyodalarning turli darajada jarohat olishi, ayniqsa, o‘lim holatlari ham ko‘p uchramoqda. Viloyat hududidagi asosiy avtomobil yo‘llari atrofida 156 ta umumta’lim maktablari joylashgan. Ularga yo‘l-patrul xizmati xodimlari harakat xavfsizligini ta’minlash uchun biriktirilgan. Qolgan ta’lim maskanlarida esa o‘qituvchilar mas’ul. 

Biroq oxirgi paytlarda ota-onalar tomonidan farzandlarining ko‘chada harakatlanish borasida tushuntirishlar berishga e’tibor qaratilmayapti. Shuni e’tiborga olib, oila, ta’lim muassasalari va mehnat jamoalarida mazkur yo‘nalishdagi profilaktik-targ‘ibot ishlarini olib borish muhim ahamiyatga ega. 

2021 yilda 498 mingta ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlanib, ularning 186 mingtasi bevosita yo‘l-transport hodisalarga sabab bo‘luvchi qo‘pol qoidabuzarlik hisoblanadi. Shundan 5 ming 888 tasi esa mast holda avtotransport vositalarini boshqaruvi bilan bog‘liq.

Joriy yilda bu kabi salbiy holatlarni kamaytirish, aholi o‘rtasida samarali targ‘ibot ishlarini olib borish lozimligi aytib o‘tildi. Tadbir so‘ngida viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan hududdagi turli tashkilotlar, tuman-shahar hokimliklarida faoliyat yuritayotgan axborot xizmati rahbarlariga attestatsiyadan o‘tgani haqidagi guvohnomalar tarqatildi.

A.Musayev, O‘zA.