Bugungi kunda iqtisodiy barqaror o‘sish va aholining turmush tarzini yaxshilashning asosiy omillaridan biri bu yo‘l harakati tizimini rivojlantirishdir. Bu borada so‘nggi yillarda mamlakatimizda qator tizimli ishlar olib borilyapti. Jumladan, jamoat transportini rivojlantirish maqsadida qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan, avtobus xizmatlarini takomillashtirish borasida 2022-2023 yillarda Toshkent shahri uchun 200 dona o‘rta sig‘imli "SAZ LE 60" rusumli,190 dona katta sig‘imli "MAN" rusumli avtobuslar, ilk bor 20 dona zamonaviy elektrobuslar xarid qilindi. Bundan tashqari, metan gaz yoqilg‘isida harakatlanuvchi 500 ta katta sig‘imli “YOUTONG” va 200 ta o‘ta katta sig‘imli “KINGLONG” avtobuslari hamda 302 ta “YOUTONG” elektrobuslari keltirildi.

Buning natijasida 2022 yilga nisbatan jamoat transporti harakat tarkibining sonini 31 foizga, ya’ni 1 485 tadan 1 959 taga va avtobuslarning kunlik qatnovlar sonini 69 foizga, ya’ni 14 999 tadan 25 404 tagacha oshirishga erishildi.
Shuni ta’kidlash joizki, yo‘llardagi tirbandliklar tufayli bugungi kunda fuqarolar ikki-uch yil oldingiga qaraganda ikki barobar ko‘p vaqtini yo‘lda o‘tkazmoqda. Ba’zida tirbandliklarda transport oqimining o‘rtacha tezligi soatiga 7 km.ga tushadi.
Shu sababli, aholi orasida jamoat transportidan foydalanish darajasini oshirish maqsadida avtobuslarning muntazam va bir maromdagi harakatini tashkil etish ta’minlandi – 2023 yilda Toshkent shahrida avtobuslar uchun 186,6 km. alohida ajratilgan yo‘laklar ajratilib, hozirgi kunda bundan 48,2 km. tashkil etilgan.

Shuningdek, Toshkent metropolitenini rivojlantirishga qaratilgan qator ishlar ham amalga oshirilmoqda. Xususan, 2016 yilda davlatimiz rahbari tomonidan metro qurilishini davom ettirishga qaratilgan qator qarorlar imzolandi.
Jumladan, 2016 yil 7 noyabrdagi “Toshkent metropoliteni Yunusobod liniyasi ikkinchi bosqichini qurish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorga muvofiq Yunusobod metro liniyasining 2,9 km. uzunlikdagi 2 ta “Turkiston” va “Yunusobod” stansiyalari qurildi.

2016 yil 29 noyabrdagi “Toshkent metropoliteni Sergeli yo‘nalishi qurilishi” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qaroriga muvofiq esa 2020 yil dekabr oyida 7 km. uzunlikdagi yangi Sergeli metro liniyasining 5 ta stansiyasi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 maydagi qaroriga muvofiq “Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyalarining qurilishi” loyihasi amalga oshirilmoqda
Buning natijasida so‘nggi yetti yil ichida metro bekatlari soni 29 tadan 50 taga yetkazilib, yangi zamonaviy 21 bekat qurildi. Yo‘nalishlar masofasi esa 38 km.dan 70 km.ga yetkazildi – 32 km.ga qo‘shimcha metropoliten yo‘llari qurildi.

Shu bilan birga ushbu qisqa davrda 15 ta yangi metro poyezdlari xarid qilindi va eski vagonlar qayta ta’mirlandi. 2024 yilda esa qo‘shimcha 40 ta yangi metro poyezdlari xarid qilinishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari ta’kidlash joizki, nafaqa yoshidagi keksalarga joriy yilning 1 aprelidan boshlab metropolitendan foydalanish uchun bepul xizmat ko‘rsatilmoqda.
Piyodalarning xavfsiz harakatlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish borasida ham qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, Prezidentimizning 2022 yil 12 iyuldagi "2022-2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori doirasida yangi yo‘l belgilari o‘rnatilib, yaroqsiz holga kelganlari ta’mirlandi. Maktablar oldida tezlikni cheklovchi yo‘l belgilari o‘rnatildi. Yangi svetofor ob’ektlari qurilib, yaroqsiz holga kelgan svetofor ob’ektlari, piyodalar svetofori ob’ektlari qurilib, eski svetofor ob’ektlari rekonstruksiya qilindi. Yo‘l yotiq chiziqlari chizildi, trotuar va velosiped yo‘laklari qurildi. Aholi punktlarida yo‘llar sun’iy yoritildi.
Shu bilan birga, 2023 yildan boshlab piyodalarga yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish to‘g‘risida profilaktik suhbatlar o‘tkazish va ularning xavfsizlik darajasini oshirish maqsadida “Diqqat piyoda” profilaktik tadbiri Toshkent shahri doirasida 12 tuman kesimida o‘tqazilmoqda.
Aholi punktlaridagi kesib o‘tish belgilanmagan joylarda yo‘lning qatnov qismini piyodalar harakatidan cheklovchi vositalar (panjaralar) o‘rnatildi. Qarama-qarshi yo‘nalishlarni ajratib turuvchi to‘siqlar va temir to‘siqlar o‘rnatildi. Yo‘llarning qatnov qismi ta’mirlandi va chorrahalarning geometrik parametrlarini o‘zgartirish yo‘li bilan ularning o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshirildi. Avtomobil yo‘llaridagi orqaga qayrilib olish joylari “Tomchisimon” qayrilib olish shakliga o‘zgartirildi. Transport vositalarining vazn va hajm ko‘rsatkichlarini nazorat qilish punktlari tashkil etildi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishda modernizatsiya va yangi texnologiyalarni joriy etish muhim ahamiyatga ega. Ya’ni tezlik va harakatni nazorat qilish tizimlarini joriy etish, videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish, elektron to‘lovlarni yig‘ish tizimini rivojlantirish yo‘l harakati xavfsizligi va samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan yechimlardir.

Yo‘l harakati xavfsizligi darajasini oshirish maqsadida tashkil etilayotgan turli tadbirlar, haydovchilar va piyodalarni o‘qitish dasturlari ham yaxshi samara beradi. Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l harakati qoidalariga to‘g‘ri munosabatda bo‘lish va yo‘lda ongli xulq-atvorni shakllantirish maqsadida o‘tkazilayotgan tadbirlar ham.
– Bu chora-tadbirlarning barchasi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l harakati qatnashchilari uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan. Ular yo‘llarda baxtsiz hodisalar, jarohatlarning oldini olish va odamlarning hayotini saqlab qolishga yordam beradi, – deydi IIV JXD Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov.
Yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va xavfsizlikni yaxshilash, investitsiyalarni jalb qilish, transport tizimini rivojlantirish va mamlakat raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilar ekan, ushbu maqsadlarga erishish uchun hukumat va boshqa manfaatdor tashkilotlar tomonidan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishga katta mablag‘ sarflamoqda.
Ta’kidlash joizki, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish sohasidagi vaziyatni yaxshilash doimiy va ko‘p qirrali jarayon bo‘lib, davlat organlari, jamoatchilik va boshqa manfaatdor tomonlarning birgalikdagi sa’y-harakatlarini talab qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA