Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘l harakati qoidalarini buzishni targ‘ib qiluvchi videomateriallarni tarqatayotganlar jazoga tortilmoqda
16:08 / 2026-03-04

Yurtimiz bo‘ylab yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qat’iy tarzda operativ-profilaktik reyd tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Tadbirlarda yo‘l harakati madaniyati va qonuniylikka rioya etilishi, yoshlarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish, qoidabuzarlik uchun jazo muqarrarligi ta’minlanishi tushuntirilmoqda. Bu jarayonda voyaga yetmaganlar tomonidan belgilangan tartib-qoidalarga so‘zsiz va qat’iy amal qilinishi e’tibor markazida bo‘lmoqda.  

Shu maqsadda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i, general-mayor Rustam Jo‘rayev raisligida yig‘ilish o‘tkazildi.  

Tizim xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va YouTube videoxostingida yo‘l harakati qoidalarini buzishni targ‘ib qiluvchi videomateriallar – xavfli haydovchilik, noqonuniy ko‘cha poygalari, drift va “shashka” kabi harakatlar tarqatilayotgani ta’kidlandi.  

Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Internet tarmog‘i doimiy ravishda monitoring qilinishi va bunday videolarni joylashtirayotgan shaxslarni aniqlash, ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi hamda qo‘pol qoidabuzarliklarni «piar» qilib namoyish etgan akkauntlarni bloklash belgilandi.

Departament boshlig‘i tomonidan avariyalar sonini kamaytirish, og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, statsionar va mobil postlar faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, blogerlar va qo‘pol qoidabuzar haydovchilar bilan profilaktik ishlarni faollashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.  

Tungi reyd tadbirlarini kuchaytirish, yo‘l bezoriligi uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash, xizmat intizomini mustahkamlash va xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilning 26-fevral kuni boshlangan operativ-profilaktik reyd tadbirlarida 3-mart kuniga qadar izchil ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.  

Monitoring guruhi tomonidan internet tarmoqlaridagi platforma va saytlar o‘rganilib, yo‘l bezoriligi aks etgan jami 107  videolavha aniqlangan.

Mazkur videolar asosida 66 nafar haydovchiga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirildi, 62  avtomobil jarima maydoniga joylashtirildi.

Shuningdek, YPX hamda PPX xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik va psixotrop moddalarni noqonuniy saqlash bilan bog‘liq 23 holat va o‘tkir jismlarni olib yurish bilan bog‘liq  262  holat  aniqlandi.

Olib borilayotgan tadbir davomida  5 ming 919 qo‘pol qoidabuzarlik aniqlanib, barcha transport vositalari jarima maydoniga joylashtirildi.  

Asosiy qoidabuzarliklarni – 4 ta  poyga, 70 ta bo‘ysunmaslik, 116 ta tonirovka, 61 ta noqonuniy sirena va mayoqchalar, 34 ta avtomobilni davlat raqamisiz boshqarish kabilar tashkil etgan.  

Huquqbuzarlar orasida 54 nafar voyaga yetmagan shaxs aniqlangan.  

Ustaxonalarda o‘tkazilayotgan o‘rganishlar vaqtida  tyuning xizmatini ko‘rsatuvchi 68 nafar tashkilot rahbari va 79 nafar ularning xodimlari so‘rovdan o‘tkazilib, 100 nafar avtoservis rahbarlari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.  

Ijtimoiy tarmoqlardagi poyga va yo‘l bezoriligini targ‘ib qiluvchi akkauntlarning faoliyatiga chek qo‘yish choralari ko‘rilmoqda.

Reyd tadbirlari respublikamiz bo‘ylab davom etmoqda.

N.Abduraimova, O‘zA