2026-yil 5-fevralda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun kuchga kirdi.
Yangi qonun bilan yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun qanday jazolar yengillashtirildi? Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov shu haqda ma’lumot berdi:
– Yo‘l harakati qoidalari buzilgan hollarda faqat jazolash bilan kutilgan natijaga erishib bo‘lmayapti. Shu bois, birinchi marta qoidabuzarlik sodir etgan haydovchiga ogohlantirish berish va tushuncha berish yaxshi samara beradi. Chunki, insonga imkon berilganda, uning dunyoqarashida hurmat va mas’uliyat hissi shakllanishi mumkin.
Ayrim xorijiy davlatlarda ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun jarima jazolaridan tashqari “og‘zaki ogohlantirish” va “ogohlantirish” jazosi bor.
Bunda, birinchi marta kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni jarimaga tortish o‘rniga, sodir etgan qilmishining ijtimoiy oqibatlarini tushuntirgan holda ogohlantirish amaliyotda bunday qilmishlar sodir etilishining oldini olishda yuqori natijalarga olib kelgan.
Shu bois, yangi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lgan kam ahamiyatli huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish jazosi qo‘llanilishi haqidagi me’yor kiritildi.
Kodeksning 241-moddasida o‘z ifodasini topgan ma’muriy ogohlantirish transport vositasini boshqarish vaqtida telefondan, monitor (displey)dan foydalanish, to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish, majburiy sug‘urta bilan bog‘liq qoidabuzarlik kabilarga tatbiq etiladi.
Faqat bu chora ayni bir shaxsga nisbatan bir yil davomida bir martadan ortiq qo‘llanilishi mumkin emas.
Bundan tashqari, yo‘l harakati qoidalari buzilgani maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda ma’muriy jazo qo‘llanilishi muddatlari qayta ko‘rib chiqildi.
Qayd etish lozimki, qoidabuzarlik uchun rasmiylashtirilgan qaror serverdagi nosozliklar sababli oradan 11 oy o‘tib yuborilgan holatlar uchragan. Bu esa, tabiiyki, aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Shuni inobatga olgan holda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha davlatimiz rahbari topshiriq ham bergan.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan yangi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 171-modda bilan to‘ldirildi. Unda foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etiladigan qoidabuzarliklarning turi aniq belgilandi.
Endilikda qatnov qismidagi chiziqlarni bosish maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilmaydi.
Qonunda yo‘l harakati qoidalari buzilgani maxsus texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay qo‘llaniladi. Ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda esa huquqbuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran bir yildan kechiktirmay qo‘llaniladi.
Qonun aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratadi. Yangi me’yorlar ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, aholining davlat organlariga nisbatan ishonchi yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Y4VmRxcHmuQ" title="Yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun qanday jazolar yengillashtirildi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA