Avtomobillar ko‘paygani, albatta, avtoturargohlarni ko‘paytirishni taqozo qiladi. Lekin, duch kelgan joyga chizib, uni pulli qilib qo‘yish muammoga yechim bo‘la oladimi?
Afsuski, yo‘q. Chunki, bu amaliyot katta yo‘llardan kichik yo‘llarga ham kirib bormoqda. Bor-yo‘g‘i ikkita avtomobil sig‘ishi mumkin bo‘lgan yo‘lning chetiga chizilgani oqibatida muammolar girdobiga tushib qolayotgan yo‘llar bor.
Masalan, Matbuotchilar ko‘chasi unchalik katta yo‘l emas. Qolaversa, bu ko‘chada bir nechta katta qurilish ishlari ketmoqda. Shuning hisobiga ham yo‘lning (ayrim joylari) yanada toraygan. Bir yo‘lak parkovka uchun chizilgan, qatnov uchun esa ayni paytda bir yo‘lak qolgan. Qarama-qarshi kelgan avtombillar bir-biriga yo‘l berib, amallab harakatlanmoqda. Shunday vaziyatda “tez yordam” mashinasi kelib qolishini tasavvur qilavering.
Aynan shunday muammolar, qolaversa, yo‘l cheti parkovkalari uchun belgilangan narxlar ham ko‘pchilikka ma’qul kelmayapdi. Zero, bu yo‘llar shu xalqning puliga bunyod etilgan. Kimdir chizib qo‘yib, narx belgilab, daromad qilaversa, bu adolatdan emasku, axir.
Shuning uchun ham bu holat aholining, jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Jamoatchilik kengashi pulli avtoturargohlar to‘g‘risida bayonot bilan chiqdi.
Unda so‘nggi kunlarda Toshkent shahrida pulli avtoturargohlar, unga narx belgilash masalasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va jamoatchilik vakillari orasida ko‘plab munozaralarga sabab bo‘layotgani qayd etilgan. Bunda, avtoturargohlar tashkil etish bo‘yicha tanlovlarning yopiq shaklda tashkil etilgani, narxlarni belgilashdagi aniq hisob-kitob yoki mezonlarning mavjud emasligi aholi o‘rtasida turli savollarni keltirib chiqarmoqda.
“Ma’lumki, Jamoatchilik kengashlari tashkilot va jamiyat o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishi hamda eng muhim masalalar bo‘yicha jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan foydalanib, o‘rganish va eshituvlar tashkil etishi belgilangan. Shu boisdan, Jamoatchilik kengashi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligidan kengash a’zolari bilan birgalikda Toshkent shahridagi pulli avtoturargohlar bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazish, jarayonlarning ochiqligini ta’minlash, narxlar bo‘yicha asoslangan me’yorlarni belgilashga oid takliflar ishlab chiqishni so‘raydi”, deyilgan bayonotda.
Albatta, haqli va o‘z vaqtida bildirilgan fikrlar. Aholi norozi ekan, bu masalada adolatli yechimni topish bo‘yicha mutasaddilar bosh botirishi kerak.
Norgul Abduraimova, O‘zA