Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yog‘ochsozlik sanoati rivojlanmoqda
11:32 / 2021-06-18

Respublikamizda yog‘och va yog‘ochsozlik sanoati xomashyo bazasini mustahkamlash, mebelchilikni rivojlantirish orqali import hajmini kamaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 19 fevraldagi «Yog‘ochsozlik sanoati xomashyo bazasini mustahkamlash va sohani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori soha rivojida muhim huquqiy asos vazifasini o‘tayotir.

Qarorga muvofiq, yog‘ochsozlik sohasining xomashyo bazasini mustahkamlash, mebel sanoatining barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish orqali yog‘och importi hajmini kamaytirish vazifasi belgilandi. Jumladan, 2021-2022 yillarda qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan jami 3 ming 173 gektar zaxiradagi yerlar hamda o‘rmon fondining jami 1 ming 327 gektar tog‘oldi va adir yerlarida yong‘oq, chinor, shumtol, qayrag‘och va boshqa mebelbop daraxt turlari ekiladi. Mazkur plantatsiyalarni tashkil etish uchun 2 783,6 ming dona ko‘chat yetishtirish nazarda tutilgan.

2021 yil 10 martdan boshlab mebel sanoatida yog‘och xomashyosi sifatida foydalaniladigan pavlovniya, yong‘oq, chinor, shumtol, qayrag‘och hamda boshqa daraxtlar plantatsiyalarini tashkil etuvchilarga zarur ko‘chat ekish materiallari shartnoma asosida yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yildi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilning 5 oyi davomida respublikamizga xorijiy davlatlardan 227,5 million dollarlik yog‘och va yog‘och mahsulotlari import qilingan. Ushbu mahsulotlarning eng katta qismi Rossiya (201,7 million), Xitoy (7,9 million), Eron (4,9 million), Belarus (3,6 million) va Qozog‘iston (3,6 million dollar) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, shu davrda O‘zbekistonga 36 davlatdan yog‘och va yog‘och mahsulotlari import qilingan. Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasida yog‘och va yog‘och mahsulotlari 44 guruhda, mebel mahsulotlari esa 94 guruhda tasniflanadi.

bugungi kunda import qiluvchilar yog‘och va yog‘och mahsulotlarini bojxona rasmiylashtiruvida 15 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘laydi. Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 7 iyuldagi «Ichki bozorni yog‘och-taxta materiallari bilan to‘ldirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, yuridik shaxslar tomonidan import qilinadigan yog‘och-taxta materiallari, yog‘och-taxta va yog‘ochdan yasalgan buyumlarning ayrim turlari import bojxona boji to‘lashdan ozod qilingan.

Jamol ISRAILOV,

«Sirg‘ali» TIF bojxona posti inspektori.

O‘zA