Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi Gumbaz qishlog‘ida joylashgan “Yog‘ochli sardoba” (ayrim manbalarda "Og‘ochli") nomi bilan bog‘liq obida yurtimiz moddiy madaniy merosining noyob namunasidir. XVI asr oxirida Buxoro amiri Abdullaxon II farmoni bilan barpo etilgan ushbu inshoot besh asrdan buyon asl holida saqlanib kelayotgani bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston Madaniy meros agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan obida hovlisida sayyor matbuot anjumani tashkil etildi. Unda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, tuman ziyolilari va yoshlar ishtirok etishdi.

Anjumanda YUNESKO xalqaro tashkiloti eksperti Jan Shakir Binan, Samarqand shahridagi Markaziy Osiyo tadqiqotlar instituti xodimi Favux Xanbullayev, Madaniy meros Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sirojiddin Sultonovlar qatnashishdi.

Muloqotda “Yog‘ochli sardoba” ni YUNESKOning xalqaro moddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritish imkoniyatlari, obidani xorijiy sayyohlar tashrif buyuradigan yirik turizm maskaniga aylantirish istiqbollari muhokama qilindi.

– Xalqaro ekspertlar sardobaning nodirligi, mukammal me’moriy yechimi va uzoq asrlar davomida saqlanib kelayotgani bilan ajralib turishini ta’kidlashdi, – deydi tuman “Sharafli yo‘l” gazetasi bosh muharriri Suyun Namozov. – Mehmonlar bildirgan ijobiy xulosalar YUNESKOning Parijdagi qarorgohida albatta qo‘llab-quvvatlanishiga ishonamiz.

Marosimda nuroniy Ko‘chim Boltayev tomonidan mehmon Jan Shakir Binanga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, mehnat faxriysi Sobirjon Usmonov qalamiga mansub “Sardobalar” kitobi sovg‘a qilindi.

“Yog‘ochli sardoba”ning me’moriy tuzilishi va muhandislik yechimlari o‘z davrining ilg‘or bilimlariga tayanilgani bilan ham ahamiyatlidir. Uning gumbazsimon shakli, havo almashinuvini ta’minlovchi ventilyatsiya tizimi, mukammal zinapoya va xizmat xonalari – bobokalonlarimiz ilm va tajribasidan darak berib, yosh avlod uchun ibrat manbai bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, Muhammad Karim(surat),O‘zA muxbiri