English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yog‘ochli sardoba” turistik marshrutga kiritiladi
08:33 / 2023-04-06

FOTOREPORTAJ

Sirdaryo viloyatida “Ko‘hna Xovos” tepaligi, Xushkat shahri arxeologik yodgorligi, “Yog‘ochli sardoba” kabi tarixiy ahamiyatga ega manzillar bor.

Ulardan biri “Yog‘ochli sardoba” suv saqlagich inshooti Buyuk ipak yo‘li orqali harakatlangan karvonlar uchun birdek cho‘l bag‘rida yagona suv manbaasi sifatida juda ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.

Bu tarixiy-me’moriy inshoot haqidagi aniq ma’lumotni Hofiz Tanish al-Buxoriyning “Abdullanoma” asarida uchratish mumkin. Unda yozilishicha, “Yog‘ochli sardoba” Buxoro xoni Abdullaxon II ning 1579-1583 yillardagi Toshkentga yurishi davrida, aniqrog‘i, 1580 yil barpo etilgan.

[gallery-11299]

Inshootning g‘ishtlari kvadrat shaklda bo‘lib, ularning hajmi 25x25x5 santimetrni tashkil etadi. Gumbazning ichki diametri 15 metr, balandligi 12 metrdan iborat. Sardobaning ichki qismida yerdan 2 metr balandlikda yopiq, uyasimon tuynuklar joylashgan. Sardoba devorining qalinligi pastki qismida 1,5 metrni tashkil etsa, yuqoriga ko‘tarilgan sari yupqalashib boradi va eng yuqori qismi bir g‘ishtchalik qalinlikdadir. Unga bir tomon — shimol tarafdan kirilgan. Qolgan uch tarafida ark ko‘rinishidagi tuynuklar bo‘lgan. Kirish qismi arksimon bo‘lib, undan g‘ishtli zinapoyalar orqali sardoba ichkarisiga kirilgan. Kirish qismida o‘ziga xos yo‘lakcha mavjud. Yo‘lakchaning tepasida xizmatchilar va qo‘riqchilar uchun maxsus xonalar bo‘lgan. Unga tashqarida qurilgan aylanma zinapoyalar orqali ko‘tarilgan.  

“Yog‘ochli sardoba” yomg‘ir va qor suvlari bilan to‘ldirilgan. Shu sababli u soylikda joylashgan, ushbu holat unga tevarak-atrofdagi suvlarni yig‘ish imkoniyatini bergan. Yon-atrofdagi suvlar irmoqchalar yordamida sardobaga quyilgan. Sardobaga suvning kirishi uchun maxsus yassi tarnovlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular bir-birlari bilan xalqasimon tarnov orqali bog‘langan. Suvning aynib qolmasligi uchun uchta maxsus salqinlik beruvchi tuynuklar o‘rnatilgan. Gumbazning yuqori qismi ham shu maqsadda ochiq qoldirilgan.  

“Yog‘ochli sardoba”  gumbazi xalqaro avtomagistral yo‘l yoqasida joylashgan. Bu o‘ziga xos yodgorlik avtomagistral yo‘ldan o‘tuvchi sayyohlarni ham qiziqtirishi tabiiy. Shunga ko‘ra mazkur obidani turistik marshrutga kiritish, uning atrofida turli ko‘ngilochar maskanlar qurilishi uchun zarur mablag‘lar ajratish va bu ishlarga tadbirkorlarni jalb etish ko‘zda tutilmoqda.

Shahriyor ORTIQBOEV(surat),O‘zA